Samarqandda 1 tonna neft mahsuloti kanalga oqizildi
Olam
−
09 Sentabr 2022
17010Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand tumani hududidan oqib o‘tuvchi “Darg‘om” kanaliga neft mahsulotlari oqizilganli haqida xabarlar tarqaldi. Davlat ekologiya qo‘mitasi va Samarqand viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan tuzilgan ishchi guruh mazkur holat bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi.
O‘rganishlar davomida Samarqand tumanidagi “Andijon” MFYda joylashgan “NURSHOD UNIVERSAL SAVDO” MCHJga qarashli suyultirilgan gaz saqlash omboridagi neft mahsulotlari (pech yoqilg‘isi) saqlash sig‘imidan oqib ketishi natijasida 1 tonna neft mahsuloti joy relefiga to‘plangani va polietilen truba yordamida “Darg‘om” kanaliga oqizilib, suvni va joy relefini ifloslantirgani aniqlangan.
Shuningdek, korxona hududiga to‘kilgan neft mahsulotlari bilan ifloslantirilgan yer maydoni o‘lchanganda 86,4 m3 ekanligi ma’lum bo‘lgan.
Ishchi guruh tomonidan holat bartaraf etilib, O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunining 34-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 apreldagi 202-son qaroriga asosan atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari hisob-kitob qilinganida 1 204 401 864,0 so‘mni tashkil etdi.
O‘rganishlar davomida hozirgi kunda korxonaning xavflilik darajasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 sentyabrdagi 541-sonli qaroriga asosan 1-toifaga mansub ekanligi va korxona ekologik normativ hujjatlarsiz faoliyat olib borgani aniqlangan.
Aniqlangan huquqbuzarlik holatlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 65-moddasi 4-qismi bilan ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
Shuningdek, korxona faoliyatini to‘xtatish va atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik uchun hisoblangan kompensatsiya to‘lovini undirish yuzasidan iqtisodiy sudga kiritish uchun da’vo arizasi tayyorlanmoqda.
LiveBarchasi