Samarqandda o‘qituvchi o‘quvchisiga jinsiy tajovuz qilgani aytilmoqda

3-sahifa

image

Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida 35 yoshli matematika o‘qituvchisi 16 yoshli o‘quvchi qizga tegajog‘lik qildi. Bu haqda “Sukut saqlama” loyihasi jabrlanuvchi qizning otasiga tayanib, xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, qiz 2022 yil aprel oyidan boshlab Kattaqo‘rg‘on shahridagi 5-maktab o‘qituvchisi bilan qo‘shimcha matematika darslarida shug‘ullana boshlagan. 35 yoshli o‘qituvchi ba’zan qo‘shimcha darslardan so‘ng qizni uyiga mashinasida keltirib qo‘ygan.

Qizning so‘zlariga ko‘ra, ustozi bir marta dars paytida uning qo‘liga tegib, g‘alati harakat qilgan, biroq qiz boshqa o‘quvchilardan uyalib bunga hech qanday javob qaytarmagan. Joriy yilning 5 may kuni esa o‘qituvchisi qizga uning mahallasidan o‘tayotgani va maktabga birga olib ketishini yozgan. Qiz mashinaga chiqqach, ustozi yo‘nalishni umuman boshqa tomonga – o‘z uyiga burgan va uyda qizning kiyimlarini yechib, o‘z jinsiy ehtiyojlarini qondirgan.

Keyin bu haqida hech kimga aytmaslikni talab qilgan va qizga uylanishni va’da bergan. Shuningdek, uni turli video va fotolarini olib voqea haqida so‘z ochadigan bo‘lsa, ularni tarqatish bilan qo‘rqitgan. Biroq oradan biroz vaqt o‘tgach, onasi qizdagi o‘zgarishlarni payqab, nima bo‘lganini so‘ragan, qiz esa hammasini so‘zlab bergan. 

Shu yilning 18 avgust kuni ular prokuraturaga ariza berib, 29 avgust kuni ekspertizaga yo‘llanma olgan. Qizning otasi holatdan xabar topgan vaqtda Rossiyada ishlayotgan bo‘lgan va shu zahoti qaytib kelgan. Ammo o‘qituvchi bu vaqtda Rossiyaga qochib ulgurgan. U vaziyat jiddiylashayotganini sezgach, qizga eski videolarni tarqatish bilan qayta tahdid qilib, barchasini tinch yo‘l bilan hal qilish mumkinligini yozgan. 

“Ikki bor turmush qurib, har ikki ayoli bilan ham kelishmovchiliklar bois ajrashib ketgan 35 yoshli o‘qituvchi 16 yoshli sobiq o‘quvchisiga oila qurishni taklif qilgan”, deyiladi xabarda. 

10 oktyabr kuni qizning otasi qizi bilan sodir bo‘lgan voqea yuzasidan tergov jarayoni qanday ketayotganini bilish uchun Ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, advokat yollamoqchi ekanligini aytgan. Biroq unga jinoiy ish qo‘zg‘atishdan yozma ravishda rad javobi berilgan. 

“Garchi rad etish haqida qaror 27 sentyabr kuni imzolangan bo‘lsa-da, tergovchi bu haqda jabrlanuvchini xabardor qilishni zarur deb hisoblamagan. Unga ekspertiza xulosasi ham taqdim etilmagan”, deyiladi “Sukut saqlama” loyihasi xabarida.

Bundan tashqari, o‘sha kuni olingan rasmlar qizning sinfdoshi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborilgan. Keyinchalik u gumonlanuvchining jiyani bo‘lib chiqqan. Qizning otasi bu haqda tergovchilarga xabar bergan, biroq u bu safar ham ish materiallari bilan tanishtirilmagan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning aprel oyida Xorazmdagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari (3 nafar qiz) 10 oy davomida viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i Oybek  Masharipov va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Anvar Quryazov tomonidan zo‘rlab kelingani ma’lum bo‘lgandi. Xiva tuman sudi ularga nisbatan 1,5 yil ozodlikni cheklash jazosini tayinlagandi. Shuningdek, ularga sharoit yaratib bergan bolalar uyi rahbari 5 yarim yilga qamalgandi. Uch nafar sudlanuvchi hukm ustidan Xorazm viloyati sudiga shikoyat qilgan, lekin apellyatsiya instansiyasi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.

Keyinchalik Oybek Masharipov va Anvar Quryazovlarga yengil jazo tayinlanganligi va boshqa holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasi sudiga protest keltirilgan. Ish apellyatsiya tartibida yangidan ko‘rib chiqish uchun Toshkent shahar sudiga yuborilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand o'qituvchi Kattaqo'rg'on pedofil jinsiy tajovuz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing