Usmonxon Alimovning janoza namozi o‘qildi

Jamiyat

image

Bugun, 16 avgust kuni Samarqand viloyatining Ishtixon tumani Orlot qishlog‘idagi “Eshoni Temirxon To‘ra” jome masjidida muftiy Usmonxon Alimovning janoza namozi o‘qildi va ta’ziya marosimi bo‘lib o‘tdi.

Usmonxon Alimovni so‘nggi manzilga kuzatish marosimida taniqli ulamolar, davlat va jamoat tashkiloti vakillari, marhumning qarindoshlari, do‘st-birodarlari va shogird hamda butun O‘zbekistonning turli joyidan kelgan muxlislari ishtirok etdi. Bu haqda Musulmonlar idorasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, Usmonxon Alimov o‘pka va qon-tomir kasalliklari, xususan o‘pka pnevmoniyasi bo‘yicha Moskvadagi shifoxonada davolanayotgandi. Muftiy kecha, 15 avgust kuni 71 yoshida og‘ir xastalikdan vafot etdi.

Bugun, 16 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi bir guruh amaldorlar ta’ziyali xonadonga tashrif buyurib, marhumning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.

Ma’lumot uchun, Usmonxon Alimov Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tavallud topgan. 1982-1983-yillarda Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, 1983-1987-yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida, 1989-1990-yillarda esa Marokashning “Karaviyn” dorilfununida tahsil olgan.

Usmonxon Alimov Payariq tumanida joylashgan Imom Buxoriy nomidagi jome masjidida 1980-1982-yillarda imom-noib, 1987-1989-yillarda, so‘ngra yana 1990-2006-yillar mobaynida ushbu masjidning imom-xatibi sifatida faoliyat yuritgan.

2000-2006-yillarda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakili, bosh imom-xatibi sifatida ishlagan. 2006 yildan to hozirga qadar O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimida ishlab kelayotgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

306

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing