Mirziyoyev marhum Usmonxon Alimov xonadoniga tashrif buyurdi
Jamiyat
−
16 avgust 2021
22297Kecha, 15 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov xastalik tufayli vafot etgani haqida xabar bergandik.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’ziyali xonadonga tashrif buyurib, marhumning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.
Usmonxon Alimov 1950 yil 1 yanvarda Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tug‘ilgan. Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, Toshkent islom institutida, Marokash davlatining Qaraviyyin universitetida tahsil olib, islom dini asoslarini, arab va fors tillarini chuqur o‘rgangan.
U 1980-2006 yillarda Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Imom Buxoriy masjidida imom noibi, imom-xatib vazifalarida ishlagan. 2000-2006 yillarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi bo‘lgan.
Usmonxon Alimov 2006 yildan buyon O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi. Boy bilim va tajribasini ezgu amallarga safarbar etdi.
Davlat rahbarining tashrifi, hamdardlik so‘zlari og‘ir judolikka uchragan ko‘ngillarga taskin bo‘ldi.
Marhumning haqiga duo qilindi.
Prezident muftiyning ezgu ishlarini yodga oldi.
“Hammamiz uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Ulug‘ inson edilar. Bilimi, mehnatsevarligi, kamtarinligi bilan elimizda obro‘ topgan edilar. Bu balo butun dunyoga azob olib keldi, qancha yo‘qotishlar bo‘layapti. Qo‘limizdan kelgan hamma harakatni qildik. Lekin Allohning irodasi ekan. Ilohim, joylari jannatda bo‘lsin. U kishini yaxshi nom bilan eslab, ishlarini davom ettirib, ruhlarini shod qilaylik”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
LiveBarchasi