Muftiy Usmonxon Alimov vafot etdi
Jamiyat
−
15 avgust 2021
23590O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov 71 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu ma’lumotni QALAMPIR.UZ'ga Din ishlari bo‘yicha qo‘mitadagi manba tasdiqladi.
Usmonxon Alimov Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tavallud topgan. 1982-1983 yillarda Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, 1983-1987 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida, 1989-1990 yillarda esa Marokashning “Karaviyn” dorilfununida tahsil olgan.
Usmonxon Alimov hazratlari Payariq tumanida joylashgan Imom Buxoriy nomidagi jome masjidida 1980-1982 yillarda imom-noib, 1987-1989 yillarda, so‘ngra yana 1990-2006 yillar mobaynida ushbu masjidning imom-xatibi sifatida faoliyat yuritgan.
2000-2006 yillarda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakili, bosh imom-xatibi bo‘lib mehnat qilgan. 2006 yildan buyon esa O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimida ishlab kelayotgandi.
Eslatib o‘tamiz, Usmonxon Alimov o‘pka va qon-tomir kasalliklari, xususan o‘pka pnevmoniyasi bo‘yicha Moskvadagi shifoxonada davolanayotgandi.
LiveBarchasi