Samarqand shahri hududi 3 tuman hisobiga kengaytiriladi

Jamiyat

image

Kecha, 13 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatda karantin talablarini hushyorlikni oshirgan holda yanada yumshatish, iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich ishlatish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish masalasida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazigani haqida xabar bergan edik.

Yig‘ilishda Samarqand shahri aholisi 600 mingdan oshgani, hozirgi uy-joy salohiyati va infratuzilma ehtiyojni qondira olmasligi qayd etildi. Shu bois shaharni Pastdarg‘om, Nurobod, Samarqand tumanlari tomon kengaytirish, yangi mavzelar, “yo‘ldosh shaharlar” barpo etish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi. Shu orqali viloyatda minglab ish o‘rinlari ochilishi ta’kidlandi.

Samarqand viloyatida 120 ta noruda konlar mavjud bo‘lib, ulardan 33 tasi sanoat yo‘li bilan o‘zlashtirishga jalb qilinmagan. Misol uchun, 5,1 million kub metr keramzit va pardozbop toshlar, 200 ming tonna ferro-silitsiyni sanoat usulida qayta ishlash imkoniyati bor.

Mutasaddilarga mavjud konlarning muhandislik infratuzilma ta’minotini o‘rganib, zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Sanoati orqada bo‘lgan tumanlarni rivojlantirish, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining Nurobod tumanidagi qismini kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Viloyatdagi to‘qimachilik korxonalari 37 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga egaligi holda, hozirda ularning atigi 48 foizidan foydalanilayotgani aytib o‘tildi.

Shu bois, to‘qimachilik sanoati quvvatlarining ishlash darajasini oshirish, viloyatdagi 2 ta paxta-to‘qimachilik klasterida yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

O‘tgan yig‘ilishdagi topshiriqqa muvofiq, Samarqand viloyatida hunarmandchilikning muayyan yo‘nalishlariga ixtisoslashgan 217 ta eski qishloq tarixi, mahalliy aholining azaldan shakllangan ko‘nikmalari va “o‘sish nuqtalari” o‘rganildi. Bu tajribani boshqa hududlarda ham boshlab, aholi bandligini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlaridagi 1 ming 200 gektar lalmi va yaylov yerlarni Kattaqo‘rg‘on shahri aholisiga foydalanishga berib, 5 ming kishini ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand

Baholaganlar

213

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing