Samarqand nufuzli shaxmat turniriga mezbonlik qiladi

Sport

image

Joriy yilning 26-30 dekabr kunlari Samarqand shahrida Butunjahon shaxmat federatsiyasi (FIDE) tomonidan rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha Jahon chempionati o‘tkaziladi. Bu haqda FIDE o‘z rasmiy saytida ma’lum qildi.

Besh kun davom etadigan ushbu turnirda tezkor va blits yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni nomiga da’vogarlik qiluvchi dunyoning eng kuchli shaxmatchilari dona suradi. 

FIDE prezidenti O‘zbekistonning nufuzli shaxmat turnirlariga mezbonlik qilishi haqida fikrlarini bildirib o‘tdi.

“FIDE O‘zbekistonning shaxmat bo‘yicha boy an’analarini va uning mazkur sport turida super davlat sifatida paydo bo‘lganini e’tirof etadi. Shaxmatga bo‘lgan ana shunday fidoyilik va sarmoya bizni ushbu nufuzli musobaqaga mezbonlik qilishni O‘zbekistonga ishonib topshirishimizga sabab bo‘ldi. O‘zbekistonda 2026 yilgi shaxmat Olimpiadasi ham o‘tkaziladi. Jahon chempionati mezbonligi 2026 yilgi yirik musobaqaga tayyorgarlikni yanada kuchaytiradi”, deydi FIDE prezidenti Arkadiy Dvorkovich.

Shuningdek, FIDE bayonotida o‘zbekistonlik shaxmatchilarning yirik musobaqalardagi ishtiroki haqida iliq fikrlar bildirildi.

“O‘zbekiston shaxmat olamida jadallik bilan yuqoriga ko‘tarildi. Yaqinda yakuniga yetgan FIDE Grand Swiss musobaqasida o‘zbekistonlik uch nafar shaxmatchi kuchli yigirmatalikdan joy oldi. Shunisi e’tiborga loyiqki, mamlakat 2022 yilgi shaxmat Olimpiadasida 188 ta raqobatchi jamoa o‘rtasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ayni damda O‘zbekistonning 4 nafar shaxmatchisi dunyoning kuchli 100 ta grossmeysteri qatoridan o‘rin olgan, jumladan Nodirbek Abdusattorov 2021 yilda rapid bo‘yicha jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritgan eng yosh sportchi bo‘ldi”, deyiladi manba xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand Nodirbek Abdusattorov Butunjahon shaxmat federatsiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made