Samarqand afg‘onlararo muzokaralarga mezbonlik qilishi mumkin
Jamiyat
−
11 Sentabr 2020
6215O‘zbekiston afg‘onlararo tinchlik muzokaralarining bir raundini Samarqand shahrida o‘tkazishga tayyor. Bu haqda joriy yilning 9 sentyabr kuni “O‘zbekiston-AQSH-Afg‘oniston” uch tomonlama hamkorlik mexanizmining Siyosat bo‘yicha quyi qo‘mitasi birinchi yig‘ilishida aytib o‘tildi.
Delegatsiyalarga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Siddiqov, AQSH Davlat kotibining Afg‘oniston bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Nensi Jekson, Afg‘oniston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mirvays Naab rahbarlik qildi.
Tadbir davomida Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va bu jarayonda O‘zbekistonning o‘rni, tomonlar o‘rtasida siyosiy muloqotni kuchaytirish, inson huquqlari, diniy erkinlik va odam savdosi yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni ko‘lamini oshirish, transport-kommunikatsiya, infratuzilma va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish hamda Afg‘oniston iqtisodiyotini izchil rivojlanishiga ko‘maklashishning muhimligi qayd etildi.
Tomonlar Afg‘oniston uchun Keng qamrovli tinchlik dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish zarurligini bildirib, u mintaqaviy va global yondashuv asosida tayyorlanishi muhimligi ta’kidladilar. Shu nuqtayi nazardan 2018 yil mart oyida Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasining konseptual ahamiyati yana bir bor e’tirof etildi.
Uchrashuv ishtirokchilari afg‘onlararo muzokaralarning birinchi doirasini Doha shahrida (Qatar) o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatladilar. O‘zbekiston tomoni muzokaralarning keyingi bosqichlaridan birini Samarqand shahrida o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
Yig‘ilish davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.
Eslatib o‘tamiz, afg‘onlararo tinchlik muzokaralarining birinchi bosqichi joriy yilning 12 sentyabr kuni Qatar poytaxti Dohada o‘tkaziladi.
LiveBarchasi