Samarqand aeroporti nega “Novaport” boshqaruviga berilyapti? “O‘zbekiston havo yo‘llari” izoh berdi
Jamiyat
−
20 iyun 2019
5846Urganch, Namangan va Samarqand aeroportlari Rossiyaning “Novaport” kompaniyasi boshqaruviga berilishi bo‘yicha kelishuv imzolangan. Hozirda “Novaport” konsession kelishuvni tayyorlayapti. Bu haqda “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK vakili matbuot-anjumanida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda QALAMPIR.UZ muxbiri.
MAK vakilining so‘zlariga ko‘ra, Urganch, Namangan va Samarqand aeroportlari 40 yil muddatga “Novaport” kompaniyasi boshqaruviga berilishi mumkin. Ammo muddat hali yakuniy emas.
“Urganch, Namangan va Samarqand aeroportlarini 40 yil muddatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish sharti bilan “Novaport” kompaniyasi boshqaruviga berish rejalashtirilyapti. Ammo muddat yakuniy emas, negaki, bu juda uzoq muhlat”, dedi MAK Yer usti vinshootlaridan foydalanish va aeroportlarni boshqaraish departamenti direktori Xodjayan Anton Ashotovich.
Turistlar ko‘p keladigan Samarqand aeroportining nega xorijiy kompaniya boshqaruviga o‘tayotgani borasida QALAMPIR.UZ muxbiri bergan savolga Anton Ashotovich quyidagicha javob berdi:
“Samarqandda 2022 yilda Shanxay hamkorlik tashkilotining sammitini o‘tkazish rejalashtirilgan. Samarqanddagi aeroportni sammitga tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi. “Novaport” kompaniyasi Rossiyada 4 ta aeroportni SHHT sammiti uchun tayyorladi. Shuning uchun Samarqand aeroporti shu kompaniya boshqaruviga berildi”.
Qayd etilishicha, “Novaport” kompaniyasining o‘zi Urganch, Namangan va Samarqand aeroportlarini boshqarish bo‘yicha taklif bildirgan.