Samarqand hokimligi Turdimovning oqsoch ayollar haqidagi taklifi yuzasidan izoh berdi

Jamiyat

image

Avvalroq, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov O‘zbekiston Prezidenti raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida viloyatda oqsoch ayollar tayyorlash bo‘yicha alohida markaz ochish taklifini bildirgani haqida xabar bergan edik.

Ijtimoiy tarmoqlarda bu taklif keskin muhokama va norozilikka sabab bo‘ldi. Buning ortidan Samarqand viloyati hokimligi Erkinjon Turdimovning taklifi yuzasidan izoh berdi.

Hokimlik e’tiborni bugungi kunda mehnat bozorida malakasiz ishchi kuchi juda ko‘pligiga va mamlakatda enagalik, oqsochlik xizmat turiga ehtiyoj katta ekaniga qaratgan. Bu ehtiyojni esa ayrim “tadbirkor”lar o‘zining tirikchilik manbaiga aylantirib olgan.

“Hozirda bu ishni ayrim “tadbirkorlar” biznesga aylantirgan holda, enaga va oqsoch topib berish “xizmati” ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yib olgan. Ammo, ular bu xizmatni ko‘rsatuvchi ayollarimizning salomatligi, qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha hech qanday majburiyatni o‘z zimmasiga olmayapti va kafolatlamayapti”, deya kalavaning boshqa uchiga e’tibor qaratiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, mehnat bozorida uy yumushlariga va bolalar parvarishiga ko‘maklashadigan enaga, oqsoch xizmatiga ehtiyoj bor ekanmi, mazkur faoliyat turini qonuniylashtirish, ya’ni bu xizmat turi bilan shug‘ullanishni istovchi ayollarga o‘z huquqlarini o‘rgatish maqsadida o‘qitish, ularni uy-ro‘zg‘or ishlarini yuritish bo‘yicha malakasini oshirishni amalga oshiruvchi maxsus markazlar tashkil etish maqsadga muvofiq.

Mazkur markazlarda malakasini oshirgan ayollarni qonuniy asosda tashkil etiladigan maxsus idora (firma)lar orqali shartnoma asosida xizmat ko‘rsatishlarini yo‘lga qo‘yish, ularni davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, nafaqa yoshiga yetganlarida pensiya olishlarini kafolatlash mexanizmi yaratilishi lozim.

“Bu orqali, chet mamlakatlarda aynan shu xizmat turi bilan shug‘ullanishni istovchi ayollarimizning ham qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish ko‘zda tutilmoqda. Hech kimga sir emas, hozirda Rossiya, Isroil, Turkiya va boshka ko‘plab chet mamlakatlarda ayollarimiz aynan shu xizmat turi bilan shug‘ullanib kelishmoqda, lekin ularning qonuniy huquq va manfatlarini himoya qilish yuzasidan biror bir hujjatlar rasmiylashtirilmagan. Bu esa, ko‘p holarda ularning huquqlari buzilishiga, kamsitilishiga va boshqa zo‘ravonliklar (tazyiqlar ostida qolishiga) kelib chiqishiga olib kelmoqda. Hattoki, hozirda mazkur faoliyat turi bilan shug‘ullanuvchilar soni haqida biror bir idorada rasmiy ma’lumot mavjud emas.

Biz qayd etib o‘tgan mexanizm asosida bosqichma-bosqich ish tashkil qilinishi, mazkur faoliyat turi bilan shug‘ullanayotganlar haqida aniq hisob yuritilishiga, ularning qonuniy huquq va manfaatlari himoya qilinishiga, bu borada jamoatchilik nazorati o‘rnatilib, ayollar va yoshlarimizni kasbga o‘rgatish orqali, boshqa xizmat turlari bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratadi.

Qolaversa, bu xizmatni ko‘rsatish bilan shug‘ullanishni istovchi ayollarimiz o‘z qonuniy huquqlarini bilishsa, bugungi kunda uy-ro‘zg‘or ishlarida ishlatiladigan zamonaviy texnikalarni ishlatilishini o‘rganishsa, buni nimasi yomon?”, deyiladi hokimlik izohida.

Shu o‘rinda, ayrim mehmonxonalarda ham shunday faoliyat bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarda tajriba yoki malaka yetishmasligi oqibatida biror xatolikka yo‘l qo‘ysa, ularning qonuniy huquqlari poymol etilayotganligi kabi holatlar ko‘plab kuzatilayotganligi ham ta’kidlangan.

“Albatta, biz qadrli opa-singillarimizni enaga, oqsochlik qilishlarini targ‘ib etmoqchi yoki buni ommalashtirishni taklif qilmoqchi emasmiz va bu fikrdan mutlaqo yiroqmiz. Biz, yuqorida qayd etib o‘tganimizdek, ushbu faoliyat turi bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan ayollarimizning huquq va manfaatlari qonuniy himoya qilinishi va bu borada jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi lozim deb hisoblaymiz”, deyiladi viloyat hokimligining munosabatida.


Maqola muallifi

Teglar

Erkinjon Turdimov

Baholaganlar

343

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing