“Salomga yarasha alik”. AQSH rossiyalik diplomatlarni quvdi
Olam
−
07 Oktabr 2023
9742AQSH Davlat departamenti Moskva tomonidan AQSH elchixonasining ikki yuqori martabali mulozimini chiqarib yuborish qaroriga javoban ikki rossiyalik diplomatni persona non grata deb e’lon qildi. Bu haqda BBC Amerika TIV matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.
“Davlat departamenti Rossiya hukumatining diplomatlarimizga nisbatan nomaqbul xatti-harakatlariga toqat qila olmaydi”, deyilgan idoraning bu haqdagi bayonotida.
Bu bilan Vashington Moskvaga “Har bir “qora” ishi uchun javob berilishi haqida messej jo‘natyapti”, deya qo‘shimcha qilingan.
Mamlakatdan chiqarib yuboriladigan Rossiya elchixonasi xodimlarining ism-shariflari va lavozimlari oshkor etilmagan.
Eslatib o‘tamiz, 14 sentyabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQSHning Moskvadagi elchixonasi birinchi va ikkinchi kotiblari Jeffri Sillin va Devid Bernstaynni persona non grata deb e’lon qildi.
Ularning ismlari FSB tomonidan Amerikaning Vladivostokdagi bosh konsulligi sobiq xodimi Robert Shonovga qo‘yilgan ayblovlarda ko‘rsatilgan. Robert Shonovning hibsga olingani may oyida ma’lum bo‘lgandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Shonov Qo‘shma Shtatlar elchixonasi xodimlarining ko‘rsatmalariga binoan urush, safarbarlik va norozilik harakatlari haqida ma’lumot to‘plagan.
LiveBarchasi