Salomatlik va strategik rivojlanish instituti tashkil etiladi
Jamiyat
−
07 Sentabr 2023
2633Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi Salomatlik va strategik rivojlanish instituti etib qayta tashkil qilinadi. Bu haqda Prezident “Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
2024 yil 1 yanvardan institut va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish shartlariga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning hududiy boshqaruv organlari xodimlariga tenglashtiriladi.
Institutning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga qarshi kurashish hamda oldini olish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, zararli odatlarga qarshi kurashish, aholining barqaror tibbiy madaniyatini shakllantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish;
ilg‘or va maqbul xorijiy tajriba asosida sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, o‘rta muddatli va uzoq muddatli rivojlanish ssenariylari va strategiyalari bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish;
tibbiy statistikani shakllantirish va yuritish, statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirishda xalqaro standartlar va metodikalarni joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, tibbiyot sohasidagi statistik ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash, umumlashtirish, tahlil qilish, tarqatish va saqlash borasidagi ishlarni takomillashtirish.
Sog‘liqni saqlash vazirligi institut bilan birgalikda ikki oy muddatda 2024-2026 yillarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, to‘g‘ri ovqatlanishni tizimli targ‘ib qilish va ommalashtirish dasturini ishlab chiqadi va unda, jumladan, quyidagilar nazarda tutiladi:
sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan yiliga 25 tagacha promo-roliklar, dastur va teleko‘rsatuvlar tayyorlash;
uyali telefon foydalanuvchilariga kasalliklar profilaktikasi va sog‘lom turmush tarzi asoslari bo‘yicha har kuni qisqa xabarlar (SMS) yuborish;
jurnalistlar va boshqa matbuot vakillari o‘rtasida har yili “Sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha yilning eng yaxshi targ‘ibotchisi” tanlovini o‘tkazish;
bozorlar, samolyot, poyezd, avtobus, metro, supermarketlar va fuqarolar ommaviy yig‘iladigan boshqa joylarda sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha roliklar namoyish qilish, radiomaslahatlar taqdim qilish va bukletlar tarqatishni ta’minlash.
Akobir Sayidov
LiveBarchasi