O‘zbekistonda Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi

Jamiyat

−

image

O‘zbekistonda ta’lim tizimidagi psixologik xizmatni rivojlantirish va Psixologiya ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish belgilandi. Bu haqda Prezident 19 oktyabrda imzolangan 379-sonli “Uzluksiz ta’lim tizimida psixologik xizmat sohasini ilmiy asosda rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorda nazarda tutilgan.

Qarorga ko‘ra, inson kapitali sifatini oshirish, yoshlarning psixologik farovonligini ta’minlash hamda psixologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish belgilangan. Shuningdek, ta’lim tizimidagi psixologik xizmatning ilmiy, uslubiy va tashkiliy asoslari takomillashtirilib, psixologik qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va yagona ilmiy yondashuvlar joriy etiladi.

Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov rahbarligida psixologiya sohasida ilmiy tadqiqotlar va kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha idoralararo kengash tashkil etiladi. Uning tarkibiga Fanlar akademiyasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va boshqa idoralar vakillari kiradi.

Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi

Qaror bilan Psixologiya ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish ma’qullandi. Institut Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Psixologiya o‘quv-ilmiy markazi negizida tashkil etiladi va Ta’lim va ilm-fan vazirligiga bo‘ysunadi.

Muassasa ta’limning barcha bosqichlarida psixologiya sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish, mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha tayanch muassasa bo‘ladi.

Institut Bratislava ko‘chasida, sobiq pedagogika universiteti hududi yonida joylashadi. Hozirda ushbu hududda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyat yuritadi.

Shu bilan birga, ta’lim tashkilotlarida psixologik xizmat xodimlarining kamida besh yilda bir marta malakasini oshirishi majburiy etib belgilandi. O‘quvchilar va pedagoglar har yili psixologik diagnostikadan o‘tkaziladi.

2026-2027 o‘quv yilidan boshlab maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida, 2027-2028 o‘quv yilidan esa oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida diagnostika joriy etiladi.

Institut xalqaro standartlar asosida yosh toifalari va pedagoglar hamda o‘quvchilar faoliyatining xususiyatlarini hisobga olgan holda dastlabki skrining va chuqurlashtirilgan psixologik diagnostika uchun yagona standartlashtirilgan metodikalar va test to‘plamlarini ishlab chiqadi.

Diagnostika maxsus elektron platforma orqali o‘tkaziladi. Bunda shaxsga doir ma’lumotlar, shuningdek, diagnostika va psixologik yordam jarayonida ma’lum bo‘lgan axborotning maxfiyligi ta’minlanishi shart.

Sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida tahlil qilinadigan natijalarga ko‘ra, pedagoglar va ta’lim oluvchilar uch guruhga ajratiladi:

  • psixologik barqaror;
  • psixologik qo‘llab-quvvatlashga muhtoj;
  • faol psixologik qo‘llab-quvvatlash talab etiladigan.


Ikkinchi va uchinchi guruhdagilar uchun individual qo‘llab-quvvatlash rejasi tuziladi va psixologlar biriktiriladi. Faol psixologik qo‘llab-quvvatlash talab etiladigan shaxslarga esa mentor psixologlar ham biriktiriladi. Institut ushbu ishlar natijalarini monitoring qilib boradi.

150 nafar mentor psixolog mukofotlanadi

Institut ta’lim tashkilotlari psixologlarining malakasini maqsadli oshirish tizimini yo‘lga qo‘yadi va hududlar kesimida mentor psixologlar guruhlarini shakllantiradi.

Har bir o‘quv yili yakunida eng yaxshi deb topilgan 150 nafar mentor psixologga davlat byudjeti hisobidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 20 baravari miqdorida bir martalik mukofot puli beriladi.

Shuningdek, institut har bir o‘quv yili yakunida pedagoglar va o‘quvchilarning psixologik salomatligini ta’minlash bo‘yicha tavsiyalarni yangilaydi. Ushbu tavsiyalar keyingi o‘quv yili uchun darsliklarni tayyorlashda ham hisobga olinadi.

Ta’lim muassasalaridagi “Kelajak soati” darslari dasturiga o‘quvchi va talabalarning psixologik bilimlarini oshirishga qaratilgan mavzular kiritiladi. Institutda uchta laboratoriya tashkil etiladi. Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tuzilmasida uchta laboratoriya faoliyat yuritadi.

Raqamli psixologiya va sun’iy intellekt laboratoriyasi internetga qaramlik, kiberbulling va internetdagi xavfsizlik masalalarini o‘rganadi. Shuningdek, psixodiagnostika va maslahat berish jarayonlarida sun’iy intellekt hamda virtual assistentlardan foydalanish bo‘yicha yondashuvlarni ishlab chiqadi.

Ta’lim psixologiyasi va psixologik xizmat laboratoriyasi uzluksiz ta’lim tizimida psixologik xizmatni tashkil etishning ilmiy asoslangan yondashuvlari, yagona axloq kodeksi, milliy ish standartlari va mutaxassislar faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini ishlab chiqadi.

Psixologik salomatlik va profilaktika laboratoriyasi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlarini hisobga olgan holda aholining psixologik holatini monitoring qiladi. Laboratoriyaning vazifalariga emotsional toliqish, xavotir, depressiya va suitsidal xulq-atvorning oldini olish, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda psixologik yordamni tashkil etish ham kiradi.

2030 yilgacha 8 ming nafar psixologning malakasi oshiriladi. 2027 yildan boshlab institutda har yili 2 ming nafar psixologning malakasini oshirish rejalashtirilgan. Natijada 2030 yilgacha jami 8 ming nafar mutaxassisning malakasi oshiriladi.

Shuningdek, har yili 150 nafar mutaxassis qayta tayyorlanadi. 2030 yilgacha ularning umumiy soni 600 nafarga yetkaziladi. 2027 yil oktyabr oyidan boshlab psixologik yordam ko‘rsatishning yagona elektron platformasi va psixologik salomatlikning milliy monitoringi tizimini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Platforma “O‘zbekiston yoshlari psixologik salomatligi” monitoringini yuritish va manzilli psixologik yordamni rejalashtirish imkonini beradi. Psixologik xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish maqsadida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga xizmat ko‘rsatish uchun vaucherli moliyalashtirish tizimi joriy etilishi, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari asosida nodavlat psixologlar jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, aholi uchun psixologik salomatlikka oid podkastlar, videomateriallar va boshqa ma’rifiy materiallar tayyorlanadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing