“Salimboy”ning aybi isbotlansa qanday jazo olishi ma’lum bo‘ldi
3-sahifa
−
06 dekabr 2023 61097 2 daqiqa
Avvalroq, Toshkentda kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatlarning oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish maqsadida o‘tkazilgan tadbirlar davomida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi Salim Abduvaliyev huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olingani haqida xabar bergan edik.
Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda va jamoatchilik orasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi Salim Abduvaliyevga nisbatan qanday ayb qo‘yilayotgani va ayblov sud tomonidan tasdiqlansa qanday jazo olishi mumkinligi muhokama qilinmoqda.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, 1950 yilda tug‘ilgan Salim Qirg‘izboyevich Abduvaliyev Jinoyat kodeksining 248-modda (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) 1-qismi (Tegishli litsenziyalarsiz yoki ruxsatnomalarsiz o‘qotar qurolni, o‘q-dorilarni, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini ishlab chiqarish, ta’mirlash, olish, saqlash, olib yurish, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, shuningdek portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini ishlab chiqish, ishlab chiqarish, olish, saqlash, tashish, ulardan foydalanish) bo‘yicha gumon qilinuvchi tarzida jalb etilib, protsessual tartibda ushlangan.
Agar tergov jarayoni yakunlanib, ish sudga oshirilib, Abduvaliyev Jinoyat kodeksining 248-moddasi 1-qismida bayon etilgan jinoyatni sodir etgani tasdiqlansa, u bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha (1 dekabrdan amaldagi BHM bo‘yicha – 17 million so‘mgacha) miqdorda jarima yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
JKning 15-moddasi (Jinoyatlarni tasniflash) talablaridan kelib chiqilsa, JKning 248-moddasi 1-qismi uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat hisoblanadi.
JKning 50-moddasi (Ozodlikdan mahrum qilish)da esa qasddan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazo qonunchilikka muvofiq yoshga doir pensiyaga chiqish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga nisbatan tayinlanmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar IIBB joriy haftada “Saidaziz medgorodok” nomi bilan tanilgan Saidaziz Saidaglamovich Saidaliyev, “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev, “Buzruk” nomi bilan tanilgan Buzruk Buzrukov qo‘lga olinganini e’lon qildi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr