BAAga kirolmagan o‘zbeklar, 34 yillik orzusi ushalgan, qarzi va narxlar oshayotgan O‘zbekiston – Hafta tahlili

Tahlil

Oxirgi vaqtlarda kommunal to‘lovlarning oshib borishi, qo‘ldan pul qochishi, narx-navoning qimmatlashishi, gaz, suv, “svet”, yeyish va kiyishdan orttirilmayotgan va jarimalar ballarining ishga tushishidan yozg‘irayotgan o‘zbekistonliklar uchun bu hafta haqiqatdan quvonchli keldi. Mamlakatda maoshlar oshirildi, afsuski, oshgan oyliklar qo‘lga tegmay, yana narxlar oshishni boshladi. Minglab o‘zbekistonliklar Haj amallarini ado etdi. Va so‘nggi haftaning, ta’bir joiz bo‘lsa, oxirgi 34 yillikning eng muhim xabari, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Sport o‘yinlarini qo‘llash orqali katta daromad topishni maqsad qilib, onlayn qimorga pul tikkan, 19 yashar yigit esa o‘zini osib o‘ldirdi. 24 yoshli qizning jonsiz jasadi esa Qibraydagi GES hududidan topildi. Shu boshqa qator xabarlar sharhi bilan QALAMPIR.UZ Hafta voqealari tahlili bilan Qamariddin Shayxov.

Prezident oilasi bilan hayitni nishonladi

Siz ko‘rib turgan ushbu surat oila instituti bilan doimiy maqtanib keladigan O‘zbekistonning namunaviy yoki aytaylik, odatiy oilalarini aks ettiradi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va birinchi xonim Ziroat Mirziyoyevaning birgalikda tushgan suratini ularning kenja qizi Shahnoza Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga joylashtirdi.

“Bayramlar insonlarni birlashtiradi. Ular bizga eng asosiy narsalarni – oila, an’analar va haqiqiy qadriyatlarni eslatadi. Bugun mening ota-onam, mamlakatimiz bo‘ylab minglab oilalar kabi, birgalikda taom tayyorlashmoqda. Bu nafaqat quvonchli va samimiy lahza, balki biz asrab-avaylab, avloddan avlodga o‘tkazib kelayotgan boy madaniyatimizning bir qismi”, degan u.

Oila degani pul degani, bir tom ostida yashash, farzandlarni birgalikda tarbiya qilish degani. Joriy yilning 1 aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda yangi tuzilgan oilalar 43,8 mingtani, ajrimlar esa 11,5 mingtani tashkil etmoqda. Bu tuzilgan oilalarning 26 foizi ajrim yoqasiga kelib qolmoqda degani. Ijtimoiy muammolarni hal qilmay turib esa oilani asrab qolish xususida bosh qotirish yaramaydi. Moddiy emas, ma’nan to‘kis oilada, ota-ona mehri va tarbiyasini ko‘rib ulg‘aygan bolalarning ko‘rsatadigan natijalari ham boshqacha bo‘ladi. Oila to‘kis bo‘lishi uchun eng avvalo ish bilan ta’minlash darajasi shu mamlakatning o‘zida yuqori va maoshlar bozordagi sharoitga mos bo‘lishi kerak. Oxirgi yillarda esa davlat buni yaxshi tushunmoqda.

Masalan, tugayotgan haftada Prezident ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni oshirish to‘g‘risida farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, 2025 yil 1 iyuldan boshlab pensiyalar va nafaqalar hamda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari miqdorlari 10 foizga oshiriladi.

Yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 918 000 so‘m, nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori – oyiga 1 012 000 so‘m, kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori – 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun – 360 000 so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun – 275 000 so‘m, oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha – 165 000 so‘m, oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun qo‘shimcha – 110 000 so‘m, kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori – 420 000 so‘m etib belgilanmoqda. Faqat davlatning gardanida qolayotgan va ko‘pincha e’tirozlarga sabab bo‘ladigan asosiy masala – o‘sha bola pullarini tayinlashdagi adolatni ta’minlash. Odamlar quyi tizimlarda bola pulini tayinlashdagi boshboshdoqliklardan ko‘p shikoyat qiladi.

1 avgustdan boshlab byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi. 

Bundan tashqari, 1 iyuldan boshlab pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 471 000 so‘m etib, 2025 yil 1 avgustdan boshlab esa mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 1 271 000 so‘m, bazaviy hisoblash miqdori – 412 000 so‘m etib belgilanadi. Bu degani yo‘l qoidalarini buzish bilan bog‘liq jarimalar ham oshirilishini anglatadi.

Ish haqi, pensiya va boshqa to‘lovlar oshishi haqidagi farmon chiqmay turib, bozorlarda narx-navo ko‘tarilishi boshlandi. Xususan, Qurbon hayiti kuni Chig‘atoy bozorida 750 grammlik qaymoq narxi 80 mingdan 100 minggacha, o‘rta shakldagi patir nonlar narxi, odatda 6 ming so‘mdan sotiladigan, 10 mingdan 20 minggacha bo‘ldi. Odatda narx-navo masalasida gap ketganda odamlarning davlatda u yo bu shaklda shikoyat qilishiga odatlanib qolganmiz, lekin bu gaplarning qanchalik adolatli ekaniga narx-navoni belgilash o‘sha odamlarning o‘ziga qolganda nima bo‘lishiga qarab baho berib, xulosa qilaverasiz. Xalqda eski bir gap bor: shu ammamga shu pochcham. Narx-navolarni sun’iy oshirib, xalqning to‘yidan va azasidan foydalanib qolishga urinayotganlarga insof so‘raymiz, xolos.

O‘zbekiston tarixda ilk bor futbol bo‘yicha jahon chempionatiga chiqdi

O‘zbekiston 34 yil deganda Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Aytish o‘rinli bo‘lsa, O‘zbekiston tarixi 5 iyun kuni qaytadan yozildi. Jahon chempionati-2026 turniri Osiyo mintaqasi saralash bosqichi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasi O‘zbekiston milliy terma jamoasini o‘zining “Al-Nahayyon” stadionida qabul qildi va Temur Kapadze boshchiligidagi O‘zbekiston futbolchilari o‘yinni 0:0 hisobida yakunladi.

O‘zbekiston Prezidenti futbolchilarga qo‘ng‘iroq qilib, ularni birma-bir mundialga yo‘llanma bilan tabrikladi.

Futbol assotsiatsiyalari xalqaro federatsiyasi (FIFA) rahbari Janni Infantino ham uzoq kuttirmay, videotabrik bilan chiqib, O‘zbekiston Milliy terma jamoasini yutuq bilan tabrikladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevga tabrik maktubini yo‘lladi.

Davlat rahbari “Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari va murabbiylaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, MTJ bosh murabbiyi Temur Kapadze va jamoaning 25 nafar o‘yinchisi O‘zbekiston iftixori unvoni, Futbol assotsiatsiyasi prezidentining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi. Shuningdek, ularga Prezident sovg‘asi – BYD avtomobillari topshiriladi.

Futbolchilar 6 iyun kuni O‘zbekistonga qaytib keldi. Ularni aeroportda Bosh vazir Abdulla Aripov, DXX raisi – Futbol Assotsiatsiyasi prezidenti Bahodir Qurbonov, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov kutib oldi.

Futbolchilarni tantanali kutib olish, ularga mukofotlarni topshirish marosimi kelgusi haftada o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Shu o‘rinda gap kelganda aytib olaylik: O‘zbekistonning Milliy Terma Jamoasining BAA milliy terma jamoasiga qarshi o‘yini Birlashgan Arab Amirliklarda xavfsizlik choralari aynan o‘zbekistonliklarning xurmacha qiliqlari sabab kuchaytirilgan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. O‘tgan yilning noyabr oyida Dubayda yahudiy ravvini Svi Kogan uch nafar o‘zbekistonlik tomonidan o‘ldirilishi o‘zbekistonliklarga nisbatan kuchaytirilgan nazorat tadbirlariga sabab bo‘lgan edi. Ortidan, joriy yilning aprel oyida guruhlarga bo‘lingan o‘nlab o‘zbekistonliklar Dubayda janjallashib, mushtlashgan. Pichoqbozlikka ulangan mushtlashuv oqibatida bir o‘zbekistonlik vafot etgan, 15 kishi qo‘lga olingan. Ushbu voqealar fonida esa Tashqi ishlar vazirligi o‘zbekistonliklarni vaziyat shu shaklda davom etadigan bo‘lsa, bu BAAga vizasiz kirish rejimi bekor qilinishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirib chiqdi. BAA vizasiz rejimni bekor qilmagan bo‘lsa-da, ushbu mamlakatga kirish o‘zbekistonliklar uchun avvalgidek oson emas. Endi odamlarimiz aeroportlarda soatlab ichkariga kirishni kutyapti. Shubhali ko‘ringanlar qaytarib yuborilyapti. Bu tartib Milliy terma jamoa o‘yinini tomosha qilish uchun borgan muxlislarga nisbatan ham ishladi. Ayniqsa, aeroportlardagi feys-kontrol “Al-Nahayyon” stadioniga kirishda ham amal qildi. Biroq, shunda ham o‘zbekistonliklar ijtimoiy tarmoqlar orqali shikoyat qilib, BAAni o‘zbekistonliklarni mamlakatga yoki stadionga kiritmaslik orqali davlatlararo munosabatlarga ta’sir o‘tkazish, futbolchilarning kayfiyatiga daxl qilishga aybladi. Nega ayblaymiz, qani ayting, qovun tushirgan o‘zimiz emasmi? Amerikada ham qochgan-quvgan o‘zbek bo‘lsa, Dubayda qotillik sodir etayotgan ham o‘zbek bo‘lsa, birovning jondan aziz farzandining kallasini olayotgan ham o‘zbek enagasi bo‘lsa, yosh qizlarni zo‘rlayotgan ham o‘zbekistonlik bo‘lsa, kamiga bir-birini pichoqlayotganlar ham o‘zbekistonliklar bo‘lsa, aybni o‘zimizdan ham qidirib ko‘rish vaqti kelmadimi, mabodo? O‘zbekistonda mehmon bo‘lib turgan qaysi millat vakillari bir-biriga pichoq o‘qtalayotgani yoki kimnidir kelib o‘ldirib ketayotgani, qaysidir qizni zo‘rlayotganini ko‘ryapsiz? Evi bilan-da endi sharmandalik ham, keyin buning ortidan chiqib shikoyat qilish ham...

Rossiyada 15 yoshli qizga tajovuz qilishda gumonlangan o‘zbekistonlik ushlandi

Biroz avval aytganimdek, tugayotgan haftada Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida politsiya xodimlari 15 yoshli maktab o‘quvchisiga tajovuz qilishda gumonlangan O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga oldi.

Qayd etilishicha, maktab o‘quvchisiga zo‘ravonlik joriy yilning 31 may kuni kechqurun sodir bo‘lgan. 49 yoshli O‘zbekiston fuqarosi qizni Kustodiyev ko‘chasidagi bolalar maydonchasidan olib ketgani aytilmoqda. Qizning bedarak yo‘qolgani haqida uning  otasi politsiyaga xabar bergan.

Maktab o‘quvchisi ertasi kuni ertalab Rudnev ko‘chasida topilib, shifoxonaga olib borilgan. Shifokorlar uning bo‘ynida jarohatlar aniqlagan.

Qizning aytishicha, migrant unga nisbatan jinsiy xarakterdagi zo‘ravon harakatlar sodir etgan. OAV ma’lumotlarida aytilishicha, ushbu shaxs avvalroq o‘ldirish bilan tahdid qilish aybi bilan sudlangan, biroq unga nisbatan jinoyat ishi to‘xtatilgan.

Xalqaro qidiruvdagi o‘zbekistonlik AQSHdan ekstraditsiya qilindi

O‘zbekistonda jinoyat sodir etib, dunyoning nariga burchagiga qochishga urinayotgan, Turkiya, Dubay, Yevropa mamlakatlari, Amerikadan boshpana topayotganlar anchagina. Endi ular uchun AQSH ham xavfsizlik mamlakat emas. Masalan, shu hafta Interpolning Milliy markaziy byurosi ko‘magida Amerika Qo‘shma Shtatlarida qidiruvdagi shaxsning joylashgan o‘rni aniqlanib, O‘zbekistonga qaytarildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Interpol Milliy markaziy byurosining axborot ko‘magi hamda AQSHning O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi bilan yaqin hamkorligi tufayli mamlakat huquq-tartibot organlari tomonidan qidirilayotgan O‘zbekiston fuqarosi muzokaralar, qo‘shma tezkor harakatlar hamda o‘zaro ma’lumotlar almashish natijasida qo‘lga olingan va AQSHdan chiqarib yuborilgan.

Ushbu shaxs Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni, o‘ta yirik miqdordagi firibgarlikni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Bildirilishicha, AQSHning Immigratsiya va bojxona politsiyasi (ICE) xodimlari kuzatuvida u Islom Karimov nomidagi “Toshkent” Xalqaro aeroportga keltirilgan va keyinchalik javobgarlikka tortish maqsadida Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi xodimlariga topshirilgan.

Bir haftada ikki o‘lim 

2 iyun kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi GESning axlat yig‘iladigan kovushidan 24 yoshli qizning jonsiz jasadi topildi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, 2001 yilda tug‘ilgan qiz joriy yilning 10 may kuni Qibray tumanidagi o‘z uyidan noma’lum tomonga chiqib ketib, bedarak yo‘qolgan. Olib borilgan tezkor-qidiruv harakatlari natijasida qizning murdasi Qibray tumani “Sohibkor” MFY, Ifor ko‘chasidagi 11-sonli GESning axlat yig‘iladigan kovushidan tan jarohatlarsiz topilgan.

Sud tibbiy ekspertizasining ma’lumotnomasiga ko‘ra, qizning o‘limi yuqori nafas yo‘llarini suyuqlik (suv) bilan berkilishidan kelib chiqqan mexanik asfiksiya sabab bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan Qibray tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, tugayotgan haftada yana bir mudhish o‘lim holati aniqlandi. Gap shundaki, 31 may kuni taxminan soat 06:30 da Yashnobod tumanining Mavlono Riyoziy mahallasi Istiqlol ko‘chasi 1-uy oldida joylashgan daraxtdan 2006 yilda tug‘ilgan, Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida yashovchi F.O‘. ismli yigitning arqonga osilgan holdagi murdasi topilgan.

Hodisa joyi tezkor-tergov guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilgan va sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda aytilishicha, qimorga mukkasidan ketgan yigit onlayn qimor platformasida katta miqdorda pul yutqazib, o‘zini daraxtga osib o‘ldirgan.

Qirg‘izistonda deputatlarga xorijga chiqish taqiqlandi

2023 yilning oxirlarida O‘zbekiston va uning qo‘shnisi Qirg‘izistonda kriminal avtoritetlarga qarshi o‘tkazilgan reyd tadbirlarini eslaysizmi? Ortidan mashmashalarni keltirib chiqargan, xalqaro darajadagi jinoyatchilik tarmoqlari ochilib ketishiga olib kelgan bu voqealar davlat ichidagi muhim lavozimdorlarning ham o‘rindig‘idan silkitib yubordi. Xususan, Qirg‘izistonda Kolya Qirg‘iz nomi bilan tanilgan kriminal avtoritet Qamchibek Asanbekning o‘limi ortidan boshlangan tozalash tadbirlari parlament deputatlarigacha borib taqaldi va unda Emil Jamg‘irchiyev asosiy nishon bo‘ldi. Prezident Sadir Japarov va Milliy Xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyevning tasdiqlashicha, Emil Jamg‘irchiyev chegarani noqonuniy kesib o‘tib, o‘zbekistonlik Salim Abduvaliyevdan yordam so‘ragan, mamlakatni nazoratga olishini va ikki tanishini o‘ldirib berishini iltimos qilgan. Bu sirlar ochilganda esa Jamg‘irchiyev, hatto, parlamentdagi xonasi derazasidan sakrab qochishdek sharmandali vaziyatga tushdi.

Shuningdek, Qirg‘izistonning Suzoq tumanida yashovchi fuqaro – qishloq fuqarolar yig‘inining sobiq deputati ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga o‘zbekistonlik “Salimboyvachcha bilan tushgan suratini joylashtirishi ortidan uyushgan jinoiy guruh aloqasi borlikda gumonlanib, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasida e’tiboriga tushdi. Uning surati ham Salimboyning aynan Toshkentdagi uyida olingan. U bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, uyushgan jinoiy guruh mafkurasidan voz kechish majburiyati qo‘yilgan. Men bo‘lib o‘tgan bu voqealarni nega eslayapman. O‘zbekistonlik nomi chiqqan shaxslar bilan bog‘liq voqealar ortidan Qirg‘izistonda Jogorku Kenesh deputatlariga vaqtincha chet el va ichki xizmat safarlariga chiqish taqiqlandi.

Biroq, parlament spikeri Nurlanbek Turg‘unbek bu qarorning qabul qilinishiga olib kelgan vajni boshqacha izohlashga uringan. Uning bildirishicha, 26 iyun kuni parlament deputatlari ikki oylik ta’tilga chiqadi, oldinda esa ko‘rilishi kerak bo‘lgan qonunlar ko‘p. Kvorum to‘planishi zarurati bilan deputatlarga xorijga chiqishga taqiq qo‘yilmoqda. Biroq, bu taqiq ta’tildan keyin ham saqlanib qoladimi yo yo‘q, bunisi noma’lum.

Shu o‘rinda Qirg‘iziston bilan bog‘liq boshqa bir masalaga to‘xtalib o‘tsak. Aprel oyi oxirida O‘zbekiston va Qirg‘iziston birgalikda foydalanishi ovoza qilingan bahsli hudud – “Chashma” bulog‘i rasman va to‘liq Qirg‘iziston balansiga o‘tgan bo‘lib chiqdi. Buni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev 26 may kuni Botken viloyati Qadamjoy tumanidagi Aydarken shahriga tashrifi davomida aholi bilan uchrashuvda aytdi.

Tashiyev buloqning suv resurslaridan avvalgidek har ikki davlat tomonidan birgalikda foydalanishini tasdiqladi. Biroq O‘zbekiston tomoni bu borada birorta rasmiy bayonot e’lon qilgani yo‘q. Buloqdan foydalanish qanday amalga oshiriladi, nega Qirg‘iziston balansiga o‘tkazildi, evaziga nima olindi, bu savollarga Hukumat chuqur sukut bilan javob qilmoqda.

Qayd etish joiz, 2020 yil 31 may kuni O‘zbekiston Respublikasi So‘x tumani Chashma qishlog‘ining Qirg‘iziston Respublikasi Botken viloyati Qadamjoy tumani Chechme ayili bilan chegaradosh hududida joylashgan “Chashma” bulog‘i bo‘yida Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida buloqdan foydalanish yuzasidan kelib chiqqan nizo oqibatida ommaviy tartibsizliklar ro‘y bergandi.

Ushbu nizoni bartaraf etish maqsadida So‘x tumani Chashma qishlog‘iga yetib borgan mahalliy hokimiyat vakillari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga tartibbuzarlar tomonidan faol qarshilik ko‘rsatilib, ularga turli darajada shikastlar yetkazilgan.

“So‘x voqealari”ga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud muhokamasi ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida olib borilib, ishni ko‘rishda 22 nafar sudlanuvchi, 36 nafar jabrlanuvchi va 21 nafar guvohlar so‘roq qilingan.

Chegara hududidagi to‘qnashuv ortidan O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov So‘x tumaniga borgandi. U Botken viloyatida Qirg‘iziston Bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Kubatbek Boronov bilan uchrashgandi.

O‘zbekistonning tashqi qarzi miqdori ochiqlandi

1 aprel holatiga ko‘ra O‘zbekistonning davlat qarzi jami 42,4 mlrd AQSH dollarini tashkil etmoqda. Shundan 35,6 mlrd AQSH dollari tashqi qarz, 6,9 mlrd AQSH dollari ichki qarz. Bu miqdor 2025 yil uchun kutilayotgan YAIMga nisbatan 33,5 foizni tashkil etgan. Xalqaro me’yorlarga nisbatan O‘zbekistonning qarzi mo‘’tadil darajada hisoblanadi va qarz olishning uyatli joyi yo‘q. Bu haqda Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisidagi Davlat byudjeti ijrosi muhokamasida Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov gapirdi.

Uning bildirishicha, iqtisodiyot ko‘p mablag‘ga muhtoj. Davlat vazifalarini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar infrastrukturani rivojlantirish, yo‘l, ichimlik suvi, energetika tarmoqlari, aeroport, temiryo‘l, avtomobil yo‘llari masalalari, mamlakat mudofaa qobiliyatini, xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlarning ma’lum bir qismi tashqi qarz hisobidan moliyalashtiriladi. Masalan, yangi qurilayotgan xonadonlar uchun ipoteka kreditlari berish uchun ham tijorat banklarini uzoq muddatga mablag‘ bilan ta’minlash zarur bo‘ladi. Shu kabi ishlar tashqi qarz hisobiga qoplanadi.

2023 yilda qabul qilingan “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, davlat qarzining eng yuqori miqdori YAIMga nisbatan 60 foizdan oshmasligi kerak. Bosh vazir o‘rinbosarining aytishicha, har bir dollar olinayotgan qarzga nihoyatda sinchkovlik bilan qaraladi, qaysi maqsadlar uchun olinayotgani tekshiruvdan o‘tkaziladi. Lekin oddiy o‘zbekistonlik bu qarzlar odatda qaysi yo‘nalishlarga, qaysi banklar orqali qaysi tadbirkorlarga yo‘naltirilayotganini bilmaydi.

“Shaharlar bormi, qishloqlar bormi, mahallalarmi – hammasi obod bo‘lib kelyapti va bunda xarajatlarning ma’lum bir qismi tashqi qarz hisobidan amalga oshiriladi. Agar shunday so‘z joiz bo‘lsa, buning hech qanday uyatli joyi yo‘q. Qarz oshdi deb gapiradigan odam shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasining YAIM ham bugungi kunda 115 mlrd dollarga yetganini ham aytib o‘tishi kerak” deydi Qo‘chqorov.

Parlamentdagi nutqida Jamshid Qo‘chqorov mamlakatda shundoq ham past darajada oshirilganini urg‘uladi. U bu haqda gapirarkan, elektr energiyasi sarfi uchun to‘lanayotgan pul miqdorini telefon xizmatlari uchun oylik to‘lovlar bilan taqqosladi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 7,6 millionta elektr energiyasi iste’molchilari bor. Shundan 70 foizi oyiga 300 kVt/soatgacha tok ishlatadi.

Tariflar kam miqdorda oshganiga qaramay, ijtimoiy himoya masalalariga e’tibor qaratilgan. Masalan, kam ta’minlangan oilaning oylik daromadi jon boshiga 1 milliondan kam bo‘lsa, 200 kVtgacha ishlatilgan elektr energiyasi to‘lovi bazaviy me’yor doirasida bo‘ladi.

“Tariflar oshirilishida hech qanday jiddiy masala yo‘q. Agar bir oila oyiga 300 kVt/soat tok iste’mol qilsa, to‘lov miqdori avvalgidan 20 ming so‘mga oshadi, ya’ni 180 so‘mdan 200 ming so‘mga. Respublikada mobil aloqa xizmati uchun bitta abonent kamida 35 ming so‘m to‘laydi. Bir oilada uchta telefon bor. Energiya tariflari past miqdorda oshirilgan bo‘lishiga qaramay, ijtimoiy yordam masalalari ham ko‘zda tutilyapti”, degan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 500 kVt/soat elektr iste’mol qilganlar avval qancha to‘lagan bo‘lsa, hozir ham xuddi shu narxni to‘laydi. 

“200 kVt/soatgacha bo‘lgan elektr energiyasi tarifi 450 so‘mdan 600 so‘mga oshirildi. Bunda iste’molchi avvalgidan 30 ming so‘m ko‘proq to‘laydi. Ammo 201 kVtdan 500 kVtgacha bo‘lgan narx 900 so‘mdan 800 so‘mga pasaytirildi. O‘rtacha oila oyiga 500 kVt/soat elektr iste’mol qildi deylik. Narx pasaygani hisobiga uning oylik xarajati o‘zgarmaydi. Ya’ni u oldin 500 kVt uchun 360 ming so‘m to‘lagan bo‘lsa, hozir ham shuncha to‘laydi”, degan vazirlik rahbari.

Energiya resurslarining tariflari joriy yilning 1 mayidan oshirildi. Elektr energiyasi bo‘yicha bazaviy tarif stavkasi 200 kVt soatgacha elektr energiyasi ishlatilganda 450 so‘mdan 600 so‘mga oshirildi. 201 kVtdan 500 kVt soatgacha bo‘lsa, tarif 900 so‘mdan 800 so‘mga kamaytirildi. 501-1000 kVtgacha bo‘lsa, 900 so‘mdan 1000 so‘mga oshirildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Oila Qirg'iziston futbol Salim Abduvaliev GES Shahnoza Mirziyoeva Temur Kapadze FIFA Interpol Infantino BAA-O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing