Saidov “feyk” degan o‘qituvchilar formasiga Toshkent hokimligi mlrdlar ajratgani ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, joriy yilning 27 iyul kuni brifingda Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov "o‘qituvchilar uchun ham yagona forma joriy etilayotganligi haqida hech qanday asosga ega bo‘lmagan ma’lumotlar tarqayotgani, vazirlik tomonidan o‘qituvchilar uchun bunday talab joriy etilmagani, bu oddiy “feyk” xabar ekanligini" aytib o‘tgandi.

Eng ahamiyatlisi shuki, aynan shu kuni Toshkent shahar hokimining qaroriga asosan mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan 15 ming nafar o‘qituvchilar uchun maktab formalariga 12 mlrd 700,0 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan.

Joriy yilning 26 iyul kuni esa Toshkent shahar hokimining yana bir qaroriga muvofiq Respublika byudjetining 2022 yil ikkinchi chorak daromadlari rejasini orttirib bajarilgan qo‘shimcha manbasining Toshkent shahar mahalliy byudjetiga ajratilgan qismi hisobidan umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining formalari uchun 3 000,0 million (uch milliard) so‘m miqdorida mablag‘ taqsimlanishi e’lon qilingandi. 

Iqtisodchi-bloger Otabek Bakirovning yozishicha, agar ikki qaror bo‘yicha maktab o‘qituvchilari formasiga yo‘naltirilayotgan umumiy mablag‘ hisobga olinsa, o‘qituvchi uchun bitta forma o‘rtacha 1 mln 47 ming so‘mdan tushmoqda.

“Afandi aytganidek, agar bu go‘sht bo‘lsa, mushuk qani, agar bu mushuk bo‘lsa, go‘sht qani?!”, deb yozadi Bakirov. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yildan majburiy bo‘lishi kutilayotgan maktab o‘quvchilarining yagona maktab formasini joriy qilish 2025 yilgacha qoldirildi. Shaxsan vazir yagona forma bosqichma-bosqich joriy qilinishini aytdi, biroq aynan qanday bosqichlar bo‘lishiga aniqlik kiritmadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

383

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing