Saidazizning sarguzashtlariga xotima o‘qildi
3-sahifa
−
06 avgust
8208“Salimboyvachcha” 5 yil, “Baxti Tashkentskiy” 20 yil, Saidahmadxon Mahmudxo‘jayev 11 yil, Buzruk Buzrukov 13 yil 6 oy. Yuqorida nomini sanaganlarimiz odamlar orasida “ko‘cha bolalari” deb nom olib turli laqablar bilan tanilgan shaxslar. Ular Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan aybli deb topilib, qamalgan. Jinoyat olamizda nomi chiqqanlar 2023 yilning 2 dekabr kuni respublikada o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari doirasida qo‘lga olingan edi. Kuni kecha atrofiga sportchi bolalarni yig‘ib, jinoyat sodir etganlikda ayblanib ushlanganlardan biri “Saidaziz medgorodok” nomi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliyevga ham sud hukmi o‘qildi.
Saidaliyev dastlab Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (“Tovlamachilik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. O‘tkazilgan tergov-tezkor harakatlari doirasida bir qator jinoiy holatlar aniqlangan.
1987 yilda tug‘ilgan Saidaziz Saidaliyev sport bilan shug‘ullangan, jismonan baquvvat bo‘lgan bir nechta shaxslarni o‘z atrofiga jalb qilib, qarzdorlik va boshqa muammolari bo‘lgan shaxslarning muammolarini qonunni chetlab o‘tgan holda hal qilib berganlikda ayblangan. Buning evaziga esa moddiy jihatdan manfaatdor bo‘lgan, tahdidlar yo‘li bilan pul mablag‘larini noqonuniy qo‘lga kiritgan hamda bezorilik va tamagirlik qilgani aytilgandi.
Tergov ishlari 6 oy davom etdi. 2024 yilning iyun oyida Saidaliyevga ochilgan jinoyat ishi hujjatlari sudga yuborildi. Qo‘lga olinganda 1 ta modda bilan ayblangan Saidaziz Saidaliyev keyinchalik Jinoyat kodeksining 6 ta moddasida qayd etilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblandi.
Sudga yuborilgan hujjatlarga ko‘ra, Saidaziz Saidaliyev yolg‘iz emas, balki u bilan birga jinoyat sodir etganlar soni jami 28 nafar ekani ma’lum bo‘ldi. Sudlanuvchilarning 28 nafariga nisbatan “qamoqqa olish” va 1 nafariga “munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgandi. Sudlanuvchilardan jabr ko‘rganlar esa 30 dan ortiq bo‘lgan.
Dastlabki sud majlisi 11 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida sudya Mirzajonov raisligida ko‘rib chiqila boshlandi.
“Saidaziz medgorodok” va u bilan birga jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan jami 29 nafar sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan ayblangan. Ular:
- 112-modda (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish);
- 165-modda (Tovlamachilik);
- 168-modda (Firibgarlik);
- 182-modda (Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish);
- 227-modda (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish);
- 228-modda (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish);
- 229-modda (O‘zboshimchalik);
- 236-modda (Tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish);
- 237-modda (Yolg‘on xabar berish);
- 238-modda (Yolg‘on guvohlik berish);
- 242-modda (Jinoiy uyushma tashkil etish);
- 243-modda (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish);
- 277-modda (Bezorilik);
- 28, 211-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan.
Dastlabki sud majlislarida so‘z olgan Saidaliyev aybiga qisman iqror ekanini bildirdi.
“Hurmatli sudya, [guvohlik berganlarni] jabrlanuvchi deymizmi, tuhmatchi deymizmi? To‘g‘ri qilgan jinoyatlarim bor, lekin ular aytgan darajada emas. Kelib, noto‘g‘ri gapirib chalg‘itayotgan joylari ham bor. Men aybimga qisman iqrorman”.
Ish hujjatlari o‘rganilib, sud tergovi yakuniga yetganidan so‘ng, davlat ayblovchisi Saidaliyevga qo‘yilgan ayblovlar o‘z isbotini topganini aytib, unga 20 yil ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlashni so‘radi.
5 avgust sanasiga kelib sudlanuvchilarga sud hukmi o‘qildi. Unga ko‘ra, Saidaziz Saidaliyev Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a”, “v” bandlari, 168-moddasi 4-qismi “a”, “v” bandlari, 28,211-moddasi 3-qismi “a”, “b” bandlari, 242-moddasi 1-qismi, 243-moddasi va 277-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Shuningdek, u va ba’zi sheriklaridan jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar undirilishi belgilandi. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish hisobiga orttirilgan mol-mulklar esa jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zararlarni qoplashga qaratiladigan bo‘ldi.