Saida Mirziyoyeva: javobgarlik kiritishni ko‘rib chiqyapmiz
Jamiyat
−
03 avgust 2019
7325O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi va “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritishni ko‘zda tutuvchi yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Yangi qonunda blogerlarning huquqlarini ham belgilab qo‘yilishi kutilyapti. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
“Assalomu alaykum!
Bugungi kunda biz tomondan mamlakatimiz OAV va blogerlarini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq normalar ishlab chiqilmoqda.
Jumladan, qonun hujjatlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish masalasi ko‘rib chiqilmoqda:
- Jurnalistning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilish, uning so‘rovi asosida axborotni (hujjatlarni) taqdim etmaslik, o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoxud bila turib yolg‘on yoki noto‘g‘ri axborot taqdim etishda ifodalangan tarzda to‘sqinlik qilish, shuningdek, jurnalistga bosim o‘tkazish, uning jurnalistlik faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik kiritish;
⠀
-Blogerlarga jurnalistlar kabi huquqlar berish.
Shu munosabat bilan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ymoqchimiz. Unda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi va “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonuniga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar taklif etilgan.
Ushbu loyiha bo‘yicha har qanday taklif va mulohazalaringizni kutib qolamiz. Ular hujjat loyihasini takomillashtirish jarayonida o‘rganib chiqiladi va inobatga olinadi. Taklif, g‘oya va tavsiyalaringiz uchun avvaldan minnatdorlik bildiraman”, deydi Mirziyoyeva.
Qonun loyihasi bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin.
LiveBarchasi