Saida Mirziyoyeva yoshlar siyosatidagi o‘zgarishlarni aytdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 2017 yildan beri yoshlar masalasiga doir 40 ta qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi. Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 1 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva kecha, 28 noyabr kuni Toshkentda o‘tgan “XXI asrda gender va yoshlar masalalari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro forumda ma’lum qildi.

Saida Mirzyoyeva yangi yuz yillikda yoshlarning harakatlantiruvchi kuch sifatidagi roli ortib borayotganiga e’tibor qaratdi.

“XXI asrda insoniyat o‘z rivojlanish tarixida yoshlar qatlami 2 milliardni tashkil qilayotgan yangi davrga qadam qo‘ydi. Tarixdan yoshlar o‘zgarishlarning harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan. BMTning 72-sessiyasida O‘zbekiston yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ishlab chiqishni taklif qildi. Uning asosiy vazifalari yoshlar imkoniyatlarini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda huquq va qiziqishlarini himoya qilishdan iborat”, dedi Mirziyoyeva forumdagi nutqida.

U so‘zida davom etib O‘zbekistonda ham yoshlar siyosatini isloh qilish hamda o‘sib kelayotgan avlodga yanada ko‘proq imkoniyat yaratish uchun qilingan va qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

“So‘nggi yillarda yoshlar siyosatiga qaratilgan qator hujjatlar qabul qilindi. Birinchidan, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilindi. Hujjatda yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu dasturni amalga oshirish jarayonida 40 ta qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi. Shuningdek, o‘sib kelayotgan avlod masalasida qonunchilikka 70 ta o‘zgartirish kiritildi.

Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi, Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya va Yoshlar klubi tashkil etildi.

Uchinchidan, 30 iyun – Yoshlar ittifoqi tashkil etilgan kun mamlakatda “Yoshlar kuni” sifatida nishonlanadi.

To‘rtinchidan, “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi ishlab chiqildi va shu nomdagi jamg‘arma tuzildi. Davlat 2018-2019 yillarda yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 1 trln 60 mlrd so‘m mablag‘ ajratdi. Va nihoyat, davlat siyosatidagi muhim bosqichlardan yana biri Prezident tomondan ilgari surilgan “Besh tashabbus” hisoblanadi”, dedi Saida Mirziyoyeva.


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva yoshlar siyosati

Baholaganlar

50

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing