Saida Mirziyoyeva rahbarligida Katta Langar Qur’oni sahifalari saqlab qolindi

Jamiyat

0:00
0:00
download

O‘zbekistonda saqlanib kelinayotgan VIII asrga oid Katta Langar Qur’oni sahifalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva boshchiligida restavratsiya qilindi. 

Bundan ikki yil avval, Saida Mirziyoyeva Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan davrlarda, unga Katta Langar Qur’oni mamlakat hududida qanday holatda saqlanayotgani haqida ma’lumot beriladi. Shundan so‘ng, tegishli muassasalarga borib, vaziyat o‘rganilgan. 

Asrlar davomida asralib, bizgacha yetib kelgan bu qadimiy va muqaddas bitiklarning holati havas qilgulik emas edi. Tezda restavratsiya ishlari boshlanmasa, mazkur bebaho meros kelgusi avlodga yetib bormasligi ko‘rinib turardi. Zudlik bilan bu sohadagi eng malakali va tajribali mutaxassislarni jalb etishga kirishildi. Ushbu mas’uliyatli vazifa Fransiyaning Luvr muzeyi xodimlariga topshirildi. 

Qur’oni Karimning Katta Langar Qur’oni nomi bilan mashhur nusxasi sahifalari dunyodagi eng qadimiy va nodir qo‘lyozmalardan hisoblanadi. Bu nom bitiklarning Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Langar ota masjidida saqlangani bilan bog‘liqdir. 

Bugungi kunda O‘zbekistonda mazkur qo‘lyozmaning 17 ta sahifasi borligi ma’lum bo‘lib, Katta Langar Qur’onining mamlakatga kelib qolish tarixiga oid bir necha taxmin ilgari surilgan. Ushbu Qur’on nusxasini o‘rta asrlarda Afg‘oniston orqali O‘rta Osiyoga ko‘chib kelgan arablar o‘zlari bilan olib kelishgan degan rivoyat ham, Suriyadan Amir Temur tomonidan Qashqadaryoning tog‘li hududiga ko‘chirib kelingan arablar keltirgan degan taxmin ham, Haj ziyoratiga borgan yurtdosh xojilar o‘zlari bilan olib kelgan degan mulohaza ham mavjud. 

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, olimlar qo‘lyozma VIII asrga taalluqli degan xulosaga kelganlar. Arabiy yozuv usullarining eng qadimiy turlaridan bo‘lgan Kofi Xijoziy xatida bitilgan mazkur qo‘lyozma, oshlangan buzoq terisi – pergamentga muhrlangan. Sahifalarning o‘rtacha hajmi 53x35 santimetrni tashkil etadi. Qo‘lyozmaning charm muqovasi XIV asrga tegishli. 

Qayd etilishicha, fransiyalik mutaxassislar Katta Langar Qur’oni restavratsiyasini uch bosqichda va yuqori professional darajada amalga oshirganlar. Muqaddas bitik sahifalarida vaqt, masofa, noqulay iqlim sharoiti va ehtimol kimlarningdir befarqligi tufayli yuzaga kelgan nuqsonlar bartaraf etilgan. 

“Katta Langar Qur’onining restavratsiyadan oldingi holatida sahifalari juda quruq edi. Iqlimning o‘zgarishi sabab uning varaqlari to‘lqinsimon bo‘lib qolgan va juda ko‘p chang yig‘ilgan. Biz konservatsiya jarayonini birinchi navbatda har bir sahifani tozalashdan boshladik. Kuchli deformatsiya tufayli kitob yomon ahvolda edi”, deydi Luvr muzeyi restavratori Aksel Delo. 

Restavratsiya ishlaridan avval laboratoriya xonasi fransiyalik mutaxassislarning tavsiyalari bilan jihozlab olingan. Shundan so‘ng, Katta Langar Qur’oni sahifalarini restavratsiya qilish ishlari boshlangan. Barcha ishlar amalga oshirilgandan keyin sahifalar maxsus og‘irliklar ostida 15 oy saqlangan. Shuningdek, ushbu muqaddas bitiklarni bundan buyon saqlash uchun maxsus quti yasab, olib kelingan. 


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva

Baholaganlar

205

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing