Saida Mirziyoyeva Moskvada Valentina Matviyenko bilan uchrashdi
Jamiyat
−
29 may 5997 2 daqiqa
Bugun, 29 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Moskvaga tashrif doirasida Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qildi.
Bildirilishicha, O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarining muhim yo‘nalishi bo‘lgan madaniy-gumanitar muloqotni rivojlantirish va jamoatchilik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari e’tibor markazida bo‘lgan. Parlamentlararo hamkorlik va mintaqalararo aloqalar yuksak darajaga chiqqani mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Shuningdek, ta’lim va madaniyat sohalaridagi loyihalarga alohida e’tibor qaratilgan. Rossiya oliy ta’lim muassasalarining yangi filiallarini ochishga ko‘maklashish, yoshlar uchun qo‘shma dasturlar, shuningdek, madaniyat sohasidagi tashabbuslar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgani qayd etilgan.

“Faxriylar va bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga alohida to‘xtalindi. Madaniy muloqot va gumanitar almashinuv ikki tomonlama munosabatlarning muhim asosi bo‘lib qolayotgani to‘g‘risida yakdil fikr bildirdik”, deb yozadi Mirziyoyeva.

Qayd etish joiz, O‘zbekiston delegatsiyasining Moskvaga tashrifi doirasida kecha, 28 may kuni Saida Mirziyoyeva Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Anton Vayno, uning birinchi o‘rinbosarlari Sergey Kiriyenko va Aleksey Gromov hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidentining yordamchisi Vladimir Medinskiy bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi. O‘zbekiston Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov esa kecha, 28 may kuni Rossiya Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari – Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov bilan uchrashdi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Toshkentda Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko bilan uchrashgandi. Uchrashuv Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr