Saida Mirziyoyeva kuch tuzilmalari rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazdi
Jamiyat
−
28 noyabr 10197 2 daqiqa
Bugun, 28 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev to‘ng‘ich qizi – O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Prezident Administratsiyasida kuch tuzilmalari rahbarlari bilan ishchi yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qildi.
Yig‘ilishda narkojinoyatchilik, jinoiy guruhlar va noqonuniy qurol-yarog‘ aylanmasiga qarshi kurashish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan samarali tizimni qisqa muddatda yaratish vazifasi qo‘yilgan.

Saida Mirziyoyeva jamiyatda, birinchi navbatda yoshlar orasida giyohvand moddalarning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, yosh avlodni giyohvandlik balosidan asrash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash davlatning bevosita burchi ekanini ta’kidlagan. Bu yo‘nalishdagi har qanday noqonuniy xatti-harakatlarga qat’iy ravishda chek qo‘yilishi shart ekani aytilgan.
“Qat’iy va doimiy nazoratni talab qiladigan yana bir muhim masala – giyohvand moddalar savdosi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish”, deydi Mirziyoyeva.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda narkojinoyatlar yil sayin ortib bormoqda. 2020 yilda 6032 ta holat qayd etilgan bo‘lsa, 2024 yilgacha bu raqam 2 baravardan ortiqqa oshib, 12278 tani tashkil etgan. Ularning 3167 tasi yoshlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ya’ni, har uchinchi narkojinoyatchi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ekani aytilmoqda. Qolaversa, bundan besh yil avval narkojinoyatlarda ayollar ulushi atigi bir necha foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugun ularning soni uch barobarga ko‘paygan.
2025 yil 3 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–207-son farmoni qabul qilingan bo‘lib, unda narkojinoyat sodir etgan shaxslarni jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilmaslik yoki jazosini yengilrog‘i bilan almashtirmaslik tartibi joriy etilishi hamda narkotiklarning noqonuniy muomalasiga homiylik qilish, narkojinoiy uyushma yoki g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish uchun jinoiy javobgarlik va ushbu jinoyatlarni sodir etgan shaxslar 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, 24 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Administratsiya hamda aloqador idoralar rahbariyati ishtirokida Toshkent shahridagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgandi.
Live
Barchasi