Saida Mirziyoyeva Kir Starmerning maslahatchisi bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Bugun, 18 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Londonda siyosatchilar va moliya tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Uning bildirishicha, Londonda Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmerning investitsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Varun Chandra hamda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bo‘yicha savdo vakili lord Jon Olderdays bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Muloqot chog‘ida UzNIF fondining jahon bozorlariga muvaffaqiyatli kirib borgani hamda Britaniya ishbilarmon doiralarining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi muttasil ortib borayotgani muhokama qilingan.

“Ta’kidlash joizki, mamlakatimizga yo‘naltirilgan investitsiyalar miqdori allaqachon bir milliard dollardan oshgan”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari dunyodagi aktivlarni boshqaruvchi eng yirik kompaniyalardan biri – Franklin Templeton bosh ijrochi direktori Jenni Jonson bilan uchrashuv o‘tkazgan. Uchrashuvda O‘zbekistonda kapital bozorini rivojlantirish, moliyaviy boshqaruv sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, xalqaro kliring tizimlari bilan integratsiyalashuv hamda Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish masalalari muhokama qilingan. Shuningdek, o‘zaro hamkorlikni kengaytirish borasida kelishuvga erishilgan.

“Jonson xonim IPO’ga tayyorgarlikdek murakkab jarayonni juda qisqa muddatda amalga oshirganimizni hamda kompaniyalarimiz aksiyalari savdosi a’lo darajadagi natijalar ko‘rsatayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Bundan tashqari, London fond birjasi (LSE) bosh ijrochi direktori Juliya Enn Xoggett bilan uchrashuvda O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasining LSE platformasiga muvaffaqiyatli chiqqani, shuningdek, barqaror moliyalashtirish, ESG standartlari, “yashil” obligatsiyalar hamda o‘zbek kompaniyalarini global bozorlarda ishlashga tayyorlash sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilingan.

Xoggettning so‘zlariga ko‘ra, bu London birjasida so‘nggi 5 yil ichidagi eng yirik IPO joylashtiruvi bo‘lib, O‘zbekiston jadal rivojlanib borayotganining yorqin ko‘rsatkichi hisoblanadi.

“Bunday muvaffaqiyat global investorlar Prezidentimiz islohotlari natijasini amalda ko‘rayotgani va mamlakatimiz iqtisodiyotiga ishonch bildirayotganini yaqqol tasdiqlaydi”, deydi O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saida Mirziyoyeva London fond birjasida mamlakat aksiyalarining tarixda ilk bor xalqaro ommaviy savdoga chiqarilish marosimida ishtirok etgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

London Saida Mirziyoeva Varun Chandra Jon Olderdays London birjasi Jenni Jonson Juliya Enn Xoggett

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing