Saida Mirziyoyeva chet eldan kelgan pedagoglar bilan uchrashdi
Jamiyat
−
14 noyabr 2023
7363O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva xorijiy mamlakatlardan taklif etilgan pedagoglar bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bugun, 14 noyabr kuni tashkil etilgan uchrashuvda o‘zaro hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan.
“Bugun xorijiy mamlakatlardan taklif etilgan pedagoglar bilan hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqdik. Bu ingliz, nemis, fransuz va boshqa tillarni o‘rgatuvchi besh yuzdan ziyod malakali o‘qituvchilar demakdir”, deydi Saida Mirziyoyeva.
Uning qayd etishicha, ushbu hamkorlik orqali bolalar yaxshi ustozlardan saboq olish, o‘qituvchilar esa zarur mahorat darslarida o‘z bilimini oshirish imkoniga ega bo‘ladi.
“Ilmli, o‘ziga ishongan, munosib avlodni tarbiyalashni maqsad qilgan ekanmiz, bizga ikkita narsa: ona tilimizga muhabbat va xorijiy tillarni puxta o‘rganish kerak. Chet tilini bilish – dunyo sarhadlari, global axborot eshiklarini ochish, yangi bilimlarni egallash kalitidir. Yoshlar ta’limiga sarmoya – yanada yaxshiroq kelajak uchun sarmoyadir”, deydi Prezident yordamchisi.
Eslatib o‘tamiz, Davlat rahbari Yangi o‘quv yilidan maktablarda xorijdan maxsus taklif etilgan 500 nafar ingliz tili mutaxassisi dars berishi, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan yangi dastur va darsliklar bo‘yicha o‘qiy boshlashini ma’lum qilgandi.
Shuningdek, AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi O‘zbekiston bo‘ylab 10 oylik o‘qitish, malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘ygani, ushbu dastur doirasida o‘quvchi va talabalarga dars berish uchun Amerikadan 25 nafar o‘qituvchi O‘zbekistonga olib kelingani haqida xabar berilgan edi.
LiveBarchasi