Saida Mirziyoyeva boshchiligida nochor ayollarga 1 milliard so‘m yordam ajratildi

Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva boshchiligida yolg‘iz, nochor va boquvchisini yo‘qotgan ming nafar o‘zbekistonlik ayollarga yordam pullari berilmoqda. Bu haqda xonim Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi. 

O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat kun sayin keskin tus olib borayotgan vaqtda Mirziyoyeva boshchiligida Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan yordamga muhtoj ayollarga 1 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, ular maxsus plastik kartalarda ayollarga yetkazib berilmoqda. Mirziyoyeva ushbu xafrli loyiha haqida gapirarkan, shunday deydi: 

“Bugungi tahlikali kunlarda o‘n minglab odam bir-biriga yordam qo‘lini cho‘zmoqda, qalbining bir parchasini berib, bir-birini qo‘llab-quvvatlamoqda. Og‘ir ahvolda qolganlarga dalda bo‘layotgan hamma-hammadan behad minnatdormiz. Fondimiz ham bu ishlarda faol ishtirok etmoqda. 

Ammo pandemiya muhtoj insonlarga ko‘mak berish masalasiga boshqacha ko‘z bilan qarashga bizni majbur qildi. Yordam berish jarayonida salbiy oqibatlar keltirib chiqarmaslik, ya’ni imkon qadar “bevosita muloqot qilmaslik” qoidasiga rioya qilish zarur edi. Shu tariqa “Xavfsiz Yordam” loyihasi paydo bo‘ldi.

Biz karantin tufayli moddiy ahvoli og‘irlashgan ayollar uchun mingta Uzsard kartasini tayyorlatdik va Jamoat fondi hisobidan bir milliard so‘m o‘tkazdik. Butun respublika bo‘ylab ijtimoiy himoyaga muhtoj, farzandlarini yolg‘iz tarbiya qilayotgan, ishsiz qolgan ming nafar ayol tanlab olindi. Ularning ro‘yxatini tuzishda bir qator tashkilot va ko‘ngillilar jamoalari, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, Toshkent shahar IIBB Huquqbuzarlik va profilaktika bo‘limi, Mahalla va oilani qullab-quvvatlash vazirligi Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi yaqindan yordam berdi. Zero, kim birinchi navbatda ko‘makka muhtoj ekanligi aynan ularga ma’lum.

Mingta karta degani – dengizdan tomchi xolos, ammo biz ushbu tashabbus boshqalarga ham ibrat bo‘ladi, degan umiddamiz. Kartadagi million so‘m ma’lum muddat ro‘zg‘or tebratishga imkon beradi.

Mazkur loyihaga hissasi qo‘shilgan, bizga yordam bergan barchaga minnatdorchilik bildiramiz. O‘n kun davomida mingta kartaning har bittasi o‘z sohibasiga yetkaziladi.

Bugun butun dunyoda bo‘lgani kabi bizda ham iqtisodiy inqiroz yuz bermoqda. Ammo aynan shunday sinovli kunlarda xalqimizni jipslashtiradigan eng ajoyib takliflar va eng zo‘r g‘oyalar tug‘ilishiga mening ishonchim komil”.


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva

Baholaganlar

167

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing