Saakashvilini badarg‘a qilgan sobiq prezident uni ko‘rgani shifoxonaga bordi

Olam

image

Gruziyaning to‘rtinchi prezidenti Giorgiy Margvelashvili Gori shahridagi harbiy gospitalga  borib, o‘zidan oldingi Prezident Mixail Saakashvilining holidan xabar oldi. 

Margvelashvilining aytishicha, u mahbus bilan mamlakat va mintaqadagi geosiyosiy vaziyatni muhokama qilgan. 

Margvelashvili Saakashviliga amaldagi Prezident Salome Zurabishvili tashabbusi bilan muxolifat va hukmron partiyalar bilan birgalikda mamlakatdagi siyosiy keskinlikni pasaytirishga qaratilgan “Milliy yarashuv tashabbusi” doirasida tashrif buyurganini bildirgan. 

Mahalliy ommaviy axborot vositalari tarixiy deb baholagan muzokaralar taxminan uch soat davom etgan. 

Natijada Margvelashvili jurnalistlarga bergan intervyusida Saakashvilini “siyosiy mahbus” deb atagan. 

Margvelashvilining aytishicha, ular mamlakatdagi siyosiy taranglikni kamaytirish va Gruziyaga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan mintaqaviy muammolarning oldini olish yo‘llarini muhokama qilgan.

"Biz Rossiya, geosiyosat va mamlakat oldida turgan muammolar haqida gaplashdik", degan sobiq Prezident. 

Uning eslatishicha, Saakashvili bilan turli masalalarda kelishmovchiliklar bo‘lgan va bu jamoatchilikka yaxshi ma’lum. 

Sobiq prezident Margvelashvili 2015 yilda Saakashvilini Gruziya fuqaroligidan mahrum qilish haqidagi farmonni tasdiqlagan. Bu qaror Saakashvili Ukraina gubernatori lavozimini egallaganidan ko‘p o‘tmay qabul qilingan.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning oktyabr oyida hibsga olinganidan keyin Saakashvili Rustavi shahridagi qamoqxonaga jo‘natilgan, so‘ngra Tbilisidagi qamoqxona shifoxonasiga o‘tkazilgan. Uning advokatlari va tarafdorlari esa bu muassasa uning sog‘lig‘i va xavfsizligi uchun xatarli ekani haqida bong urishgan. Saakashvilining o‘zi ham aldov va kuch bilan qamoqxona shifoxonasiga o‘tkazilganini aytgan. 

Inson huquqlari bo‘yicha ombudsman tomonidan tuzilgan bir guruh mutaxassislar Saakashvilini qamoqxona shifoxonasidan ko‘p tarmoqli klinikaga o‘tkazish bo‘yicha tavsiya bergan. 19 noyabr kuni u Gori shahridagi harbiy gospitalga o‘tkazilgan, shundan so‘ng Saakashvili ochlikni to‘xtatgan.


Maqola muallifi

Teglar

Mixail Saakashvili

Baholaganlar

262

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing