Ser Aleks Fergyuson “Yunayted”ga qaytdi
Sport
−
30 iyul 2022
14691Angliyaning “Manchester Yunayted” klubi ijrochi direktori Richard Arnold jamoaning afsonaviy bosh murabbiyi Ser Aleks Fergyusonga murojaat qilganidan so‘ng, mutaxassis MYUga qaytdi. Bu haqda “Daily Mail” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Fergyusondan tashqari, “Yunayted”ning sobiq bosh direktori Devid Gill, “qizil iblislar”ning mashhur sardori Brayan Robson va hozirgi sport direktori Jon Mertof ishtirokida tadqiqot markazi tashkil etiladi. Ushbu markaz Manchester klubining rivojlanishi uchun o‘z hissasini qo‘shadi.
Nashrning yozishicha, endilikda afsonaviy murabbiy 2013 yilda “Manchester Yunayted” bosh murabbiyligidan ketganidan beri ilk bor klub boshqaruvida yana katta ta’sirga ega bo‘ladi.
Qayd etish kerak, “Yunayted”ning sobiq bosh direktori Ed Vudvord davrida Fergyuson ramziy direktor maqomida bo‘lgan. “Qizil iblislar”ning amaldagi rahbari Arnold esa shotlandiyalik murabbiyning tajribasidan unumli foydalanish kerakligini yaxshi tushunadi.
Ma’lumot uchun, Aleks Fergyuson “Manchester Yunayted”ni 1986 yildan 2013 yilgacha boshqargan va 38 ta sovrin qo‘lga kiritgan. Uning yutuqlari orasida 13 marta Angliya chempionligi va 2 marta Yevropa Chempionlar ligasi g‘olibligi ham bor.