Brunu Fernandeshning uyiga o‘g‘ri tushdi
Sport
−
11:14 330 2 daqiqa
“Manchester Yunayted” klubi futbolchisi Brunu Fernandeshning uyiga o‘g‘rilar tushdi. Bu haqda “The Athletic” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa futbolchining jamoasi Chempionlar ligasi doirasida Italiyaning “Komo” klubiga qarshi uchrashuv o‘tkazayotgan paytda sodir bo‘lgan. O‘g‘rilik vaqtida futbolchining oilasi uyda bo‘lmagan. Yetkazilgan zarar miqdori hozircha oshkor etilmagan. Fernandeshning qo‘shnilaridan biri uy hududida shubhali shaxslarni ko‘rib, politsiyaga xabar bergan. Gumonlanuvchilar huquq-tartibot idoralari xodimlari yetib kelguniga qadar besh daqiqadan kamroq vaqt davomida uy ichida bo‘lgan.
“Qo‘ng‘iroq qilgan qo‘shni uyning orqa hovlisida uch nafar noma’lum erkak borligini ma’lum qildi. Politsiya voqea joyiga yetib kelganida, gumonlanuvchilarni topa olmadi. Biroq xodimlar mazkur manzilda o‘g‘rilik sodir etilganini va bir nechta buyum olib ketilganini aniqladi. Hodisa yuzasidan tergov boshlandi va u dastlabki bosqichda”, deydi huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakili.
Joriy yilning 21 oktyabr kuni “Manchester Yunayted” Chempionlar ligasining uchinchi turida “Komo”ga 1:4 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi. Uchrashuvdan keyin Brunu Fernandesh bosh murabbiy Maykl Kerrikning taktik yondashuvini tanqid qilgandi.
Ma’lumot uchun, 32 yoshli Fernandesh 2020 yil yanvaridan buyon “Manchester Yunayted” sharafini himoya qilib kelmoqda. U klub safida barcha musobaqalarda 338 ta uchrashuvda maydonga tushib, 111 ta gol urgan va 109 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Real Betis”ning braziliyalik futbolchisi Antonining uyi Chempionlar ligasi o‘yini payti talon-toroj qilingandi.
Live
Barchasi