Ruzaxunov Bishkekka qaytarildi. Qirg‘iziston Qozog‘istonda ikki qurbon berdi

Olam

image

Qozog‘istonda hibsga olingan qirg‘izistonlik jazz musiqachisi Vikram Ruzaxunov kecha, 10 yanvar kuni vataniga qaytarildi. 

U kecha “Oq-Jol” nazorat-o‘tkazish punktida chegarani kesib o‘tgan. 

Jurnalistlar va faollar uni nazorat-o‘tkazish punktida bir necha soat kutishdi, lekin Ruzaxunov bilan uchrasha olishmagan. Musiqachi nazorat punktidan konsullik mashinasida olib ketilgan. 

Avvalroq, Qozog‘iston ommaviy axborot vositalarida musiqachi qo‘lga olingani, u mamlakatga mitingda qatnashish uchun pul evaziga kelgani haqida xabar chop etilgan edi. 

Musiqachining so‘zlariga ko‘ra, "noma’lum shaxslar" unga pul uchun mitingda qatnashishni taklif qilishgan. Bu Qirg‘izistonda katta noroziliklarga sabab bo‘ldi. 

Qirg‘iziston rasmiylari Ruzaxunovning hibsga olinishi munosabati bilan Qozog‘istonga nota yuborgan edi. Bu haqda Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari – Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev ma’lum qildi. 

Yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, qirg‘izistonlik musiqachi Vikram Ruzaxunov Olma-otada tez-tez gastrollarda bo‘lgan. Yangi yil arafasida uni Olmaotaga taklif qilishgan va konsert dasturlarini uyushtirishgan. 

Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga ko‘ra, Qozog‘istondagi tartibsizliklar chog‘ida ikki qirg‘izistonlik halok bo‘lgan. 

Mamlakatning xavfsizlik idoralari, Tashqi ishlar vazirligi va Ichki ishlar vazirligi vakili bo‘lgan vakolatli tuzilmalari qozog‘istonlik hamkasblari bilan Qirg‘iziston fuqarolari soniga aniqlik kiritish masalasida tegishli ikki tomonlama aloqalarni davom ettirmoqda.  

“Joriy yilning 10 yanvar kuni kechki holatga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tergov-protsessual chora-tadbirlar natijalariga ko‘ra tartibsizliklar vaqtida Qirg‘iziston Respublikasining 5 nafar fuqarosi qo‘lga olingani, 2 nafar Qirg‘iziston fuqarosi halok bo‘lgani aniqlandi. Ularning qarindoshlari bilan aloqa o‘rnatildi”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Qozog'istondagi vaziyat Vikram Ruzaxunov

Baholaganlar

482

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing