Rus xalqining sovg‘alarini olib ketmasin – Putin Sobiq Ittifoq mamlakatlariga “ola qarayapti”mi?

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin sobiq Sovet Ittifoqi parchalanganda uning tarkibiga kirgan respublikalar “rus xalqining sovg‘alari” bilan SSSRni tark etgan deb hisoblamoqda. Bu haqda u “Rossiya 1” telekanalida e’lon qilingan “Rossiya. Kreml. Putin” hujjatli filmida aytib o‘tgan.

Jurnalist so‘nggi 30 yilda ilk bor Rossiya Konstitutsiyasiga jiddiy o‘zgartirish kiritilayotganini aytib, Putindan pandemiya sharoitida tuzatishlarning dolzarbligi oshdimi deb so‘ragan.

Bu savolga javob berarkan Putin SSSRning parchalanishi borasidagi fikrlarini qo‘shib ifodalagan.

“Ha, aynan shunday. Amaldagi Konstitutsiya ichki siyosiy inqiroz avj olgan, tanklar parlament binosiga qarata o‘q uzayotgan, Moskva ko‘chalarida qurolli to‘qnashuvlar davom etayotgan sharoitda qabul qilingan. Bugun, Xudoga shukr ichki siyosiy vaziyat barqaror. Ammo bizning suverenitetimiz bilan bog‘liq boshqa holatlar ham bor. Sovet Ittifoqi tashkil etilayotganda shartnomada undan chiqish huquqi haqida yozilgan, biroq jarayon haqida hech narsa deyilmagani sabab savol yuzaga keladi: biror-bir respublika Sovet Ittifoqi tarkibiga kirsa, lekin Rossiyaning ulkan yerlariga, Rossiyaning tarixiy hududlariga ega bo‘lgach, to‘satdan Ittifoq tarkibidan chiqishga qaror qilsa, hech bo‘lmaganda qanday kirgan bo‘lsa, shunday chiqsin. O‘zi bilan rus xalqining sovg‘alarini olib ketmasin. Axir bularning hech biri yozilmagan edi-ku. Mutlaqo ishonchim komilki, Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritib to‘g‘ri qilyapmiz”, degan Putin.

Avvalroq, Putin Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilsa, u yana prezidentlikka nomzod bo‘lishi mumkinligini inkor qilmagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin SSSR

Baholaganlar

576

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing