Rossiyaning O‘zbekistonda maktab qurish taklifi noto‘g‘ri talqin qilinayotgani aytildi

Jamiyat

image

Kecha, 18 sentyabr kuni Moskva shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hukumat rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiyaning 4-majlisi bo‘lib o‘tdi.  

Unda Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin O‘zbekistonda rus tili va dasturlari asosida ta’lim beriladigan bir nechta maktab qurish taklifini bergan. Abdulla Aripovning bu takliflarni mamnuniyat bilan qabul qilgani esa keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov Qo‘shma komissiya majlisida madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi hamkorlik bo‘yicha bildirilgan muayyan taklif mohiyatini noto‘g‘ri talqin qilmaslikni so‘rab chiqdi

Hidoyatovning bildirishicha, mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro rasmiy kelishuvlarga asosan, bir davlat hisobidan boshqa davlat hududida maktab va shunga o‘xshash ijtimoiy obektlar qurish an’anasi jahon tajribasida mavjud va bu o‘zaro ijtimoiy yordam sifatida tasniflanadi.

“Shuni alohida qayd etish lozimki, xorijiy mamlakatlar tomonidan qurib beriladigan  maktablarning ta’lim dasturlari dastlab soha mutaxasissislari tomonidan milliy urf-odat, qadriyat va an’analarimiz, tariximiz, amaldagi qonun hujjatlarimiz, mavjud ta’lim standartlarimiz nuqtayi nazaridan chuqur o‘rganib chiqiladi”, deydi Bosh vazir matbuot kotibi.

Unga ko‘ra, agar qurib berilishi taklif etilgayotgan maktab va uning dasturi yuqorida nazarda tutilgan talablarga mazmunan mos kelsa, ushbu ta’lim muassasasining faoliyat yuritishi uchun o‘rnatilgan tartibda litsenziya beriladi.

Hidoyatov mazkur jihatlarni inobatga olgan holda, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan asoslanmagan ma’lumotlarni tarqatmasliklarini so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 sentyabr kuni Abdulla Aripov boshchiligida Vazirlar Mahkamasi binosida davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan maxsus majlis tafsilotlari ham noto‘g‘ri talqin qilingani aytilgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda Aripovning mazkur majlisda amaldorlarga dinni yoki davlatdagi ishini tanlashi kerakligini aytgani haqida xabarlar tarqagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya O'zbekiston Moskva Abdulla Aripov Bosh vazir Mixail Mishustin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing