Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qoralagan migrant 7 yilga “kesildi”
Olam
−
17 yanvar
5373Rossiyaning Novosibirsk shahri Kalinin tuman sudi tomonidan Tojikiston fuqarosi Dalerjon Ochilov Rossiya Qurolli kuchlari haqidagi gaplari uchun sudlanib, unga 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda Novosibirsk viloyati Sud departamenti boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Sud hukmiga ko‘ra, u Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari haqida yolg‘on ma’lumotlarni oshkora tarqatgani (Jinoyat kodeksi 207.3-moddasi 2-qismi “d” bandi) va bezorilik (213-modda 1-qismi “b” bandi) uchun 7 yil ozodlikdan mahrum qilingan. Shuningdek, unga ikki yil davomida internetda Rossiya Qurolli kuchlari haqida ma’lumotlar tarqatish taqiqlangan. Hukm hozircha kuchga kirmagan.
“Ochilov 2022 yil fevral oyidan 2024 yil mart oyigacha Novosibirskdagi ikki savdo markazida Ukraina, DXR, LXR, Xerson va Zaporoje viloyatlarida olib borilayotgan maxsus harbiy operatsiyaning maqsadlari, usullari va jarayoni, shuningdek, Rossiya Prezidentining mazkur operatsiya doirasidagi harakatlari haqida yolg‘on ma’lumotlarni oshkora tarqatgan. Shu bilan birga, u Rossiya fuqarolariga, xususan, Rossiya Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilariga nisbatan milliy nafrat motivlari asosida jamoatga oshkora hurmatsizlik bildirgan, rus ayollarini haqorat qilgan va RF Prezidenti hamda hukumatining maxsus harbiy operatsiya o‘tkazish bo‘yicha qarorini tanqid qilgan”, deyiladi tergov hujjatida.
Biroq advokat Natalya Voronsovaning SOTAvision nashriga ma’lum qilishicha, ko‘pchilik guvohlar Ochilov haqorat qilgan vaqt yoki joyni aniq ko‘rsata olmagan.
“Ayblovda Ochilovning 19 mart kuni hamkasbi Oksana bilan janjal davomida shunday so‘zlarni aytgani keltirilgan. Biroq so‘roq qilingan guvohlardan biri Ochilovdan haqoratli gaplarni eshitmaganini, faqat Oksananing baqir-chaqirini eshitganini aytdi”, deydi advokat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayblov hech qanday asoslangan dalillarga tayanmagan. Sudlanuvchi ham o‘z aybini tan olmagan va shu sababli hibsxonada bosimga duch kelmoqda. Masalan, yaqinda u jazo kamerasiga joylashtirilgan. Himoya tomoni bu harakatlarning qonuniyligini tekshirish uchun prokuraturaga murojaat qilgan.
Bundan tashqari, Ochilov yarim yildan beri qarindoshlari bilan ko‘rishish imkoniga ega emas. Uning birinchi nikohi rasman bekor qilinmagan, lekin uning Tojikiston fuqarosi bo‘lgan rafiqasi mamlakatdan deportatsiya qilingan. Sudgacha u bilan birga yashagan ayol esa qonuniy rafiqasi hisoblanmagani uchun unga uchrashishga ruxsat berilmayapti.
Ochilovga nisbatan jinoyat ishi 2024 yil mart oyi oxirida Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikinning ko‘rsatmasi asosida ochilgan. Bu ishdan oldin uning hamkasbi Oksana politsiyaga bir necha bor murojaat qilgan, lekin jinoyat ishi qo‘zg‘atishga rad javobi berilgan. Faqat Bastrikin aralashgach, ish rasman ochilgan.
LiveBarchasi
O‘zbekiston sun’iy yo‘ldosh yasayapti.
17 yanvar