Rossiyaning Ukrainaga hujumi qariyb ikki baravar sekinlashdi
Olam
−
04 fevral 2025 7845 3 daqiqa
Joriy yil yanvar oyida Rossiya armiyasi Ukrainada 430 kvadrat kilometr hududni egalladi va hozirda Donetsk viloyatidagi Ukraina kuchlarining logistika markazi bo‘lgan Pokrovsk shahriga hujum qilmoqda. Mazkur shahar Rossiya pozitsiyalaridan atigi ikki kilometr masofada joylashgan. O‘tgan yilning noyabr oyida Rossiya qo‘shinlari Ukrainada hozirgidan deyarli ikki baravar ko‘p – 725 kvadrat kilometr hududni bosib olgan. Bu haqda Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) ma’lumotlariga tayanib, “The Guardian” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya armiyasining yurishi o‘tgan yilning dekabr oyiga nisbatan ham sekinlashgan. O‘shanda 476 kvadrat kilometr hudud bosib olingan edi. Yanvarda Rossiya qo‘shinlari egallagan maydonlarning 80 foizidan ortig‘i Donetsk viloyatiga to‘g‘ri kelgan. Bundan tashqari, Rossiya armiyasi shimoliy-sharqiy frontda, Kupyansk shahri yaqinida taxminan 50 kvadrat kilometr hududda oldinga surilgan va Oskol daryosining g‘arbiy qirg‘og‘ida o‘rnashmoqda. Mazkur daryo uzoq vaqt davomida ikki tomonning to‘qnashuv chegarasi bo‘lib kelgan.
ISW ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya armiyasining yurishi qish faslida sekinlashadi: 2023 yil yanvar oyida u 285 kvadrat kilometr, 2024 yil yanvar oyida esa atigi 146 kvadrat kilometr hududni egallagan. Joriy yilda Rossiya armiyasining hujumi tezlashgani esa, AFP tahliliga ko‘ra, Rossiya kuchlarining Ukraina qurolli kuchlari ustidan ustunligini ko‘rsatadi. Bu ustunlik 2024 yil yozidan buyon saqlanib qolmoqda.
Qayd etish joiz, Rossiyaning hududiy bosqinlariga javoban Ukraina 2024 yil avgust oyida Kursk viloyatida keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazib, ikki hafta ichida qariyb 1300 kvadrat kilometr hududni egallagan edi. Biroq Ukraina nazoratiga o‘tgan hudud hajmi kamaymoqda: 2024 yil 31 dekabr holatiga ko‘ra, u 483 kvadrat kilometrni tashkil qilgan bo‘lsa, yanvar oxiriga kelib 442 kvadrat kilometrga qisqardi.
Shu bilan birga, DeepState ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya kuchlari yanvar oyida atigi 325 kvadrat kilometr hududni egallashga muvaffaq bo‘lgan. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024 yil dekabrida Rossiya armiyasi 394 kvadrat kilometr, noyabrda 730 kvadrat kilometr, oktyabrda esa 503 kvadrat kilometr hududni bosib olgan.
ISW hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan yilda Rossiya qo‘shinlari jami 4168 kvadrat kilometr hududni egallagan bo‘lib, bu asosan Ukraina va Kursk viloyatidagi dalalar va kichik aholi punktlaridan iborat. Shu bilan birga, Rossiyaning yillik yo‘qotishlari 420 ming kishini tashkil qilgan. Institutga ko‘ra, Rossiya armiyasi o‘tgan yili har bir bosib olingan kvadrat kilometr uchun o‘rtacha 102 harbiysini yo‘qotgan. Eng katta hududiy yutuq Rossiya tomonidan sentyabrdan noyabrgacha bo‘lgan davrda qayd etilgan bo‘lib, bu davrda Rossiya 56,5 foiz yangi hududlarni egallagan va taxminan 125 800 harbiy yo‘qotgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan egallangan Rossiyaning Kursk viloyati Sudja shahridagi tinch aholi vakillari yashayotgan internat-maktabga zarba berilgan edi. Oqibatda to‘rt kishi halok bo‘lgan, yana to‘rt kishi og‘ir yaralangan. Moskva va Kiyev ushbu hujumda bir-birini ayblagandi.