Kurskdagi maktabga zarba berildi. Moskva va Kiyev bir-birini ayblamoqda

Olam

image

Joriy yil 1 fevral kuni Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan egallangan Rossiyaning Kursk viloyati Sudja shahridagi tinch aholi vakillari yashayotgan internat-maktabga zarba berildi. Oqibatda 4 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Ukraina Bosh shtabi xabar berdi.

Harbiy idora xabariga ko‘ra, 1 fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 17:54 da Rossiya harbiy samolyoti internatga maxsus boshqariladigan aviabomba (KAB) tashlagan. Binoda faqat tinch aholi vakillari, jumladan, ayollar va bolalar bo‘lgan. Hujum oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan, yana to‘rt kishi og‘ir yaralangan.

Ma’lum qilinishicha, zarba vaqtida internatda evakuatsiyaga tayyorgarlik ko‘rayotgan 84 kishi va to‘rt nafar ukrainalik politsiyachi bo‘lgan. Aviatsiya hujumi oqibatida binoning markaziy qismi butunlay vayronaga aylangan. Yaradorlar Ukrainaga olib ketilgan.

“Rossiya aynan shunday urush olib bormoqda – Sudja, Kursk viloyati, Rossiya hududi, tinch aholisi bo‘lgan internat, evakuatsiyaga tayyorlanayotgan odamlar. Rossiya aviabombasi. Ular tinch aholining borligini bilib, binoni vayron qildi”, deb yozdi Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy hodisa joyidan olingan videoni ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilib.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa internatni aynan Ukraina Qurolli kuchlari Sumi viloyatidan otgan raketalar bilan nishonga olganini da’vo qilgan. Rossiya harbiy idorasining bayonotida aytilishicha, buni havo hujumidan mudofaa tizimlari qayd etgan. Rossiya Mudofaa vazirligi bu zarbani Ukraina tomonidan uyushtirilgan provokatsiya deb atab, e’tiborni Russkoye Porechnoye qishlog‘idagi voqealardan chalg‘itishga urinish sifatida baholagan. Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu qishloqda Ukraina harbiylari 11 nafar erkak va 11 nafar ayolni o‘ldirgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi internatga hujum yuz bergani haqida aniq dalillar taqdim etmagan. Rossiyalik harbiy blogerlar esa Sudjada havo trevogasi e’lon qilingani va Sumi viloyatidan to‘rtta raketa uchirilgani haqida xabar bergan. Shuningdek, Rossiyaning "Sever" harbiy guruhiga tegishli ijtimoiy tarmoq sahifasi Sudjaga Amerika ishlab chiqargan HIMARS reaktiv tizimidan zarba berilgani tasvirlangan videoni e’lon qilgan. Ushbu sahifada “ob-havoning yomonligi sabab Rossiya aviatsiyasi Sudja hududida ishlamagan”, deb yozilgan. Biroq 1 fevral kuni Rossiya Mudofaa vazirligining o‘zi Kursk viloyatidagi Ukraina pozitsiyalariga, jumladan, Sudja shahriga aviatsiya zarbalari berilganini tasdiqlagan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi Ukraina Qurolli kuchlarining 19-alohida raketa brigadasi komandiri, polkovnik Rostislav Karpushaga qarshi jinoyat ishi ochgan. Tergovchilarning taxminicha, aynan u internatga zarba berish buyrug‘ini bergan. Ukraina havo kuchlari esa bunga javoban “Viraj-planshet” kuzatuv tizimining skrinshotlarini taqdim etib, unda internatga tashlangan Rossiya aviabombasining trayektoriyasi aks etgani da’vo qilingan.

Kursk viloyati gubernatori Aleksandr Xinshteyn Rossiya Mudofaa vazirligi versiyasini takrorlagan va jabrlanganlar soni bo‘yicha aniq ma’lumot yo‘qligini ta’kidlagan. Dastlab Ukraina harbiy komendaturasi internatda 95 nafar tinch aholi vayronalar ostida qolganini bildirgan. Bu bino asosan Kursk viloyatidan bo‘lgan qariyalar, bemorlar va urush oqibatida uyidan ayrilgan odamlar uchun boshpana sifatida foydalanilgan.

Mahalliy aholining aytishicha, internatda evakuatsiyaga tayyorgarlik ketayotgan edi. Ular dastlab Sumi orqali Belarusga, keyin Rossiyaga qaytarilishi rejalashtirilgan edi. Avvalroq ham hududdan 46 nafar qochqin xuddi shunday yo‘l bilan evakuatsiya qilingan.

Internat Sudja shahrida ilgari ham zarbaga uchragan. Joriy yil 11 yanvar kuni Rossiya aviatsiyasi binoga hujum qilgan, oqibatda bir nafar mahalliy ayol halok bo‘lgan, yana olti kishi jarohatlangan. 12 yanvar kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Sudjada Ukraina harbiy kuchlarini yo‘q qilganini e’lon qilgan, ammo internatga zarba berilganiga oid hech qanday izoh bermagan. Yanvar oyining o‘rtalarida Rossiya dronlari ushbu internatga oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib berayotgan ikki avtomobilni nishonga olganini ham e’lon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Ukraina poytaxti Kiyev markaziga qilgan dron hujumi oqibatida uch kishi halok bo‘lgan edi. Kiyev meri Vitaliy Klichko shahar atrofida havo mudofaasi tizimlari ishga tushirilganini ma’lum qilgan. Shevchenkivskiy tumanida derazalar sinib ketgani, shu jumladan, metro bekatiga ham zarar yetgani qayd etilgan. Yana bir xonadon binosidan tutun chiqayotgani va suv quvuri zarar ko‘rgani haqida xabar berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Kursk aviabomba

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing