Rossiyaning uchta viloyatida aksilterror operatsiyasi rejimi joriy qilindi
Olam
−
10 avgust
7666Rossiya Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov qarori bilan Belgorod, Bryansk va Kursk viloyatlarida aksilterror operatsiyasi rejimi joriy etildi. Bu haqda Rossiya Milliy aksilterror qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mita “Ukraina harbiylari va razvedka xizmatlari mamlakatning bir qator mintaqalarida vaziyatni beqarorlashtirishga misli ko‘rilmagan urinishlar qilganini” ta’kidladi.
“Ukraina Qurolli kuchlari bo‘linmalari tomonidan Kursk viloyati hududida amalga oshirilgan terakt oqibatida tinch aholi o‘rtasida qurbonlar bo‘ldi, turar-joy binolari va boshqa fuqarolik ob’ektlari vayron bo‘ldi. Fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash va dushmanning diversiya-razvedka kuchlari tomonidan terrorchilik harakatlari tahdidini bostirish maqsadida Milliy aksilterror qo‘mitasi raisi, Rossiya FXX direktori Bortnikov Belgorod, Bryansk va Kursk viloyatlarida 2024 yil 9 avgustdan boshlab aksilterror operatsiyalarini tashkil etishga qaror qildi”, deyiladi qo‘mita xabarida.
Qo‘mita ushbu hududlarda tegishli huquqiy rejim joriy etilganligini va “Terrorizmga qarshi kurashish to‘g‘risida” 2006 yil 6 martdagi 35-FZ-sonli Federal qonunining 11-moddasiga muvofiq zarur choralar va vaqtinchalik cheklovlar qo‘llanilishini bildirdi.
“Davlat organlari tomonidan fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, huquq-tartibotni saqlash va ob’ektlarning terrorizmga qarshi himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda”, deyiladi xabarda.
Ukraina armiyasi 6 avgust kuni Rossiya Federatsiyasining Kursk viloyatiga hujum boshlaganidan so‘ng ikki armiya o‘rtasida shiddatli to‘qnashuvlar boshlandi. Rossiya tomoni mintaqaga hujum oqibatida 4 kishi halok bo‘lganini va 30 dan ortiq kishi jarohatlanganini rasman tasdiqladi.
Rossiya Federatsiyasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kursk viloyatidagi vaziyat federal favqulodda holat sifatida tasniflanganini ma’lum qildi.
Rossiya Mudofaa vazirligi Kurskdagi janglar oqibatida Ukraina armiyasi 945 nafar harbiy xizmatchi va 102 ta zirhli texnikani yo‘qotganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi