Rossiyaning Sumiga zarbasi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi
Olam
−
30 yanvar 2025 4258 2 daqiqa
Bugun, 30 yanvar tongi oldidan Rossiya armiyasi Ukrainaning Sumi shahriga zarba berdi. Dronning ko‘p qavatli turarjoy binosiga kelib urilishi oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi, yana to‘qqiz kishi jarohat oldi. Ulardan biri voyaga yetmagan bola. Uch kishining ahvoli og‘ir. Bu haqda Sumi viloyati harbiy administratsiyasi xabar berdi.
Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya droni o‘n qavatli uylardan biriga urilgan. Zarbadan to‘qqizta kvartira va 12 ta balkon vayron bo‘lgan. 80 dan ortiq deraza va balkon oynalari zarar ko‘rgan. Shuningdek, portlash oqibatida 20 dan ortiq avtomobil shikastlangan.
“Favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari to‘rt kishini, jumladan, bir bolaning hayotini saqlab qoldi, shuningdek, 118 kishi evakuatsiya qilindi”, deyiladi xabarda.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Sumiga qilingan zarbani “dahshatli rus jinoyati”, deb atagan. U, shuningdek, Rossiyaning davom etayotgan terror harakatlariga javoban unga bosimni kuchaytirish zarurligini ta’kidlagan hamda Ukrainaga yordam berayotgan davlatlar yetakchilariga minnatdorlik bildirgan.
“Tunda Rossiya Shahed bilan Sumidagi oddiy ko‘p qavatli uylarga zarba berdi. To‘rt kishi halok bo‘ldi. Ularning yaqinlariga hamdardlik bildiraman. Bu dahshatli fojia, dahshatli rus jinoyati”, deb yozdi Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida.
Eslatib o‘tamiz, 29 yanvarga o‘tar kechasi Ukraina Rossiyaga yil boshidan beri ikkinchi yirik dron zarbasi uyushtirgani xabar qilingandi. Rossiya Mudofaa vazirligiga ko‘ra, 104 ta Ukraina uchuvchisiz dronlari Rossiyaning to‘qqizta viloyatida urib tushirilgan.
Live
Barchasi