Rossiyaning Pokrovskga hujumi oqibatida 7 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
08 avgust 2023
6354Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning Donetsk viloyati Pokrovsk shahridagi ko‘p qavatli turar-joy binosiga raketa bilan zarba berdi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.
"Donetsk viloyati, Pokrovsk shahri. Ikkita raketa zarbasi. Oddiy turar-joy binosiga kirish. Afsuski, jabrlanganlar ham bor”, deb yozgan davlat rahbari Telegram’dagi sahifasida.
Unga ko‘ra, voqea joyida qutqaruvchilar va barcha zarur xizmatlar ishlamoqda. Qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Donetsk viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenko esa kecha, 7 avgust kuni Pokrovsk markaziga ikki marta – soat 19:15 va 19:52 da “Iskander” raketalari kelib urilganini ma’lum qilgan. Oqibatda shaharda ko‘p qavatli va xususiy uy-joylar, ma’muriy binolar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, mehmonxona vayron bo‘lgan yoki zarar ko‘rgan.
“Ukrinform” ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 07:00 holatiga ko‘ra, 7 kishi halok bo‘lgan, 67 kishi, jumladan, 29 nafar politsiyachi, 7 nafar qutqaruvchi va 2 nafar bola jarohat olgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq ham Ukraina poytaxti Kiyev, shuningdek, Zaporoje, Xarkov va Dnepropetrovsk viloyatlariga raketa va hujumchi dronlar bilan zarba berilgandi. 2 avgustga o‘tar kechasi Kiyevning uchta tumanida portlashlar sodir bo‘lgandi. Rossiya poytaxti Moskvaga esa 24, 28, 30 iyul hamda 1 va 6 avgust kuni dronlar hujumi uyushtirilgandi.
LiveBarchasi