Rossiyaning mudofaa xarajatlari 282 foizga o‘sgani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
16 may 2023 7941 2 daqiqa
Rossiya faqatgina shu yilning yanvar-fevral oylarida mudofaa uchun 2 trillion rubl (26 milliard dollar) sarflagani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, mudofaa byudjeti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 282 foizga oshgan va bu Ukraina urushi natijasida mamlakat harbiy sohaga katta mablag‘ sarflashga majbur bo‘layotganini ko‘rsatadi.
Rossiya o‘tgan yilning dastlabki ikki oyida mudofaa uchun 525,4 milliard rubl sarflagan. Ukrainaga bostirib kirilishi va uning Putin kutganidan ham qattiqroq qarshilik ko‘rsatishi natijasida urushning cho‘zilib ketgani harbiy xarajatlarni karrasiga oshirib yuborgan.
Rossiyaning 2023 yilgi xarajatlar rejasida mudofaaga 4,98 trillion rubl sarflanishi ko‘zda tutilgan. Ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, mamlakat yanvar-fevral oylarida mudofaa sektoriga rejalashtirilgan yillik mablag‘ning 40 foizdan ko‘prog‘ini sarflab ulgurgan.
O‘tgan hafta e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, Rossiyaning byudjet taqchilligi 2023 yilning dastlabki 4 oyida 3,4 trillion rubl yoki 42,3 milliard dollarni tashkil etgan. Vaholanki, o‘tgan yilning mos davrida mamlakat byudjeti daromadlari uning xarajatlari miqdoridan 1,2 trillion rubl (14,9 milliard dollar) ortiqroq bo‘lgan.
2022 yilda Rossiya harbiy xarajatlar uchun 5,5 trillion rubl (68,5 milliard dollar) yoki davlat umumiy byudjetining 17,1 foizini sarflagan bo‘lsa, bu yil yanvar-fevral oylaridagi mudofaa xarajatlari Rossiya byudjetining 36,2 foizini tashkil etgan. Ushbu miqdor Rossiyaning ijtimoiy siyosatga sarflagan mablag‘laridan ikki, milliy iqtisodiyot uchun qilingan xarajatdan to‘rt baravar yuqori ekanini anglatadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili AQSHda ham 2023 yil uchun rekord darajadagi mudofaa byudjeti tasdiqlangandi.
Live
Barchasi