Rossiyaning Markaziy Osiyodagi ta’siri pasayyaptimi?
Olam
−
27 noyabr 2023
6371Vashingtonda joylashgan Vudro Vilson nomidagi xalqaro ilmiy markaz ekspertlari Rossiyaning Markaziy Osiyodagi ta’siri susayib borayotgani va mintaqa mamlakatlarining yangi yo‘nalishlarini muhokama qilmoqda. Bu haqda “Amerika ovozi” yozdi.
Prezident Jo Baydenning Xitoy yetakchisi Si Szinpin bilan muvaffaqiyatli muzokaralari va AQSHning g‘arbiy sohilida bo‘lib o‘tgan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlarining sammiti muqarrar ravishda qo‘shni mintaqada yana bir qiziqish ortishiga sabab bo‘ldi: bu – Xitoy va boshqa mamlakatlarning manfaatlari uzoq vaqtdan beri Sovet imperiyasi parchalanganidan keyin Rossiyaning zaiflashib borayotgan ta’siri bilan bevosita aloqada bo‘lgan Markaziy Osiyo.
Joriy yilning 21 noyabr kuni Vashingtondagi Vudro Vilson markazida yig‘ilgan ekspertlar o‘z muhokamalarini “Rossiyaning Markaziy Osiyodagi ta’siri pasayyaptimi?” deb nomlagan.
“Tahlilchilar uzoq vaqtdan beri Rossiyani Markaziy Osiyodagi xavfsizlikning asosiy o‘yinchisi, deb hisoblab keladi. Mintaqadagi beshta davlatdan uchtasida: Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonda hamon harbiy ob’ektlari bor”, deydi Texas A&M universiteti qoshidagi Bush davlat boshqaruvi va davlat xizmati maktabi dotsent-tadqiqotchisi Edvard Lemon.
Uning bildirishicha, Rossiya ta’siri tabiati nafaqat harbiy xususiyatga ega, balki asosan razvedka xizmatlari bilan bog‘liq.
“So‘nggi o‘ttiz yillikda Rossiya qurollari mintaqadagi qurol importining qariyb uchdan ikki qismini, shu jumladan Qirg‘iziston va Tojikiston qurol importining 90 foizini tashkil etdi, bu esa, albatta, ushbu davlatlarning qurolli kuchlarini Rossiya harbiy-sanoat kompleksiga, rus harbiy doktrinasiga va rus ta’lim usullariga qaram qilib qo‘ydi. Mintaqaning barcha xavfsizlik xizmatlari Sovet KGBsidan (SSSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasi) paydo bo‘lgan va bu aloqalar juda mustahkam bo‘lib, Rossiyada yashiringan Markaziy Osiyodan kelgan dissident-muhojirlarga nisbatan transmilliy repressiya kabi voqealarni qo‘llagan yoki aksincha. Bu turli xil xavfsizlik va razvedka aloqalari to‘plami nisbatan mustahkamligicha qolmoqda”, deydi Lemon.
Uning bildirishicha, ba’zi yaxshi yangiliklar ham yo‘q emas.
“Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi Kremlning Markaziy Osiyodagi aloqalariga ta’sir qildi. Bu ularni moliyaviy jihatdan zaiflashtirdi. Rossiya hamon Markaziy Osiyo davlatlarining asosiy tashqi xavfsizlik sherigi bo‘lib qolmoqda, ammo bu endi shubha ostiga olinmoqda”, deydi ekspert.
Ta’sirning pasayishi 1992 yilda tuzilgan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining amaliy qobiliyatsizligidan ham dalolat beradi.
U so‘zida davom etarkan, 2010 yilda Qirg‘izistonning O‘sh va Jalolobod viloyatlarida sodir bo‘lgan fuqarolar urushini esladi. O‘shanda KXSHT muvaqqat hukumat rahbari bo‘lgan Roza Otunboyevaning so‘rovini rad etgan.
“Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston KXSHTga a’zo. Biroq, 2010 yilda Qirg‘izistondagi etnik zo‘ravonliklar paytida, Qirg‘iziston muvaqqat rahbari Roza Otunboyeva KXSHTni aralashishga chaqirganida, unga bu ichki xavfsizlik masalasi ekanini, va bunda KXSHT rol o‘ynamasligini aytishgan”, deydi Edvard Lemon.
Ekspertning alohida urg‘ulashicha, bugungi kunda mintaqa xavfsizlik borasida boshqa sheriklarni qidirmoqda.
“Dunyo Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida, ayniqsa, 2021 yil aprel va 2022 yil sentyabr oylarida bir necha bor zo‘ravonlik va jiddiy chegara mojarolariga guvoh bo‘lgan. Va yana KXSHT aralashmadi. U amalga oshirgan yagona muhim aralashuv 2022 yil yanvar oyida Qozog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar paytida sodir bo‘ldi. Biroq, hatto Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri ham o‘shanda Xitoyning aralashuvi ehtimolini ko‘rib chiqayotganliklarini aytdi. Shunchaki uni qonuniylashtiradigan mexanizm yo‘q edi... Albatta, mintaqa xavfsizlik uchun muqobil sheriklarni qidirmoqda”, deydi u.
Uning bildirishicha, KXSHTga a’zo davlatlarning allaqachon bu tashkilotdan umidlari puchga chiqmoqda. Chunki, Rossiya ayni vaqtda KXSHT faoliyatini davom ettirishdan ko‘ra, Ukrainadagi urush bilan band.
“Qozog‘istondagi voqealardan ikki oy o‘tgach, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlandi. Va bu KXSHT atrofida yanada ko‘proq savol tug‘dirdi, chunki Rossiya mintaqadagi harbiy ishtirokini kamaytirishga majbur bo‘ldi. Armaniston aslida o‘zining aniq sabablariga ko‘ra KXSHT yig‘ilishlarida qatnashishni to‘xtatdi... Biz Markaziy Osiyo davlatlarining KXSHT o‘z xavfsizligi uchun nima qilishi mumkinligi haqidagi umidlari aniq pasayganini ko‘ryapmiz”, deydi Lemon.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 noyabr kuni Belarus poytaxti Minsk shahrida Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti sammiti bo‘lib o‘tdi. U asosan tashkilot va Armaniston munosabatlari yomonlashgani fonida o‘tdi. Pashinyan avvalroq KXSHTni 2021 yil mayi va 2022 yil sentyabr oylarida Baku bilan to‘qnashuvlar vaqtida Yerevanga yordam bermaganlikda ayblagan edi. Shu fonda Armaniston KXSHTdan mamlakatga yordam berish masalasini kun tartibidan olib tashlashni so‘radi va Pashinyanning o‘zi Lukashenkoga Minskka borish niyati yo‘qligini ma’lum qildi. Armaniston Tashqi ishlar vazirligi va Mudofaa vazirligi rahbarlari sammit oldidan tashkilot tomonidan tashkil etilgan tadbirlarda qatnashmadi. Respublika parlamenti spikeri Alen Simonyan dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan KXSHT Parlament Assambleyasi yig‘ilishida ishtirok etmasligini ma’lum qildi. Avvalroq Armaniston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidagi elchisini chaqirib olgan va yangisini tayinlamagan edi. Ayni paytda Yerevan tashkilotni tark etmoqchi emasligini aytmoqda.