Rossiyaning Xarkovga hujumi oqibatida qutqaruvchilar halok bo‘ldi
Olam
−
04 aprel
5204Rossiya bugun, 4 aprelga o‘tar kechasi Xarkovga zarba berdi va buning oqibatida kamida to‘rt nafar tinch aholi halok bo‘ldi. Bu haqda Ukraina Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
"To‘rt kishi halok bo‘ldi, shulardan uch nafari qutqaruvchi. Hozirgacha besh kishi, jumladan, bir qutqaruvchi jarohatlangani ma’lum. Turli manzillardagi turarjoy binolari shikastlangan, yong‘in kelib chiqqan", deyiladi vazirlik xabarida.
Shu bilan birga, shahar meri Igor Terexov Xarkovning ayrim hududlarida elektr energiyasi uzilishi mumkinligini aytdi.
Xarkov hukumati vakillarining ta’kidlashicha, Rossiya birinchi hujum sodir bo‘lgan hududda favqulodda xizmatlar ishlayotgan vaqtda shaharga ikkinchi zarbani bergan. Terexovning so‘zlariga ko‘ra, turarjoy binolarining o‘qqa tutilishi oqibatlarini bartaraf etish uchun kelgan uch nafar qutqaruvchi halok bo‘lgan. Bundan tashqari, takroriy hujum chog‘ida Favqulodda vaziyatlar xizmatining bir xodimi tan jarohati olgan va jihozlarga zarar yetkazilgan.
Xarkov viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovning ma’lumotlariga ko‘ra, to‘rtinchi qurbon fuqaro ayoldir. Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya hujumlaridan keyin uch kishi tibbiy muassasalarga yotqizilgan, yaradorlardan biri og‘ir ahvolda.
Ma’lumot uchun, 1 aprel kuni Igor Terexov Ukrainaning “Liga.net” internet nashriga bergan intervyusida Rossiya o‘sha vaqtga kelib, Xarkovning deyarli butun energetika infratuzilmasini vayron qilganini aytgan.
LiveBarchasi