Rossiyaning ayrim viloyatlariga ommaviy dron hujumi uyushtirildi
Olam
−
13 mart
8462Bugun, 13 martga o‘tar kechasi Rossiyaning besh viloyatiga dron hujumi uyushtirildi. Bu haqda viloyatlar rahbarlari ma’lum qildi.
Gubernatorlarga ko‘ra, Ukrainaning sakkizta uchuvchisiz samolyoti Bryansk viloyatida, oltitasi Belgorod va Kursk viloyatlarida, bittasi Voronej viloyatida urib tushirilgan. Shu bilan birga, Lipetsk viloyati rasmiylari dron hujumi xavfi haqida ogohlantirgan.
"Ukrainadan uchuvchisiz uchish apparatlari yaqinlashmoqda. Barcha kuch va vositalar maksimal shay holatga keltirilgan", deb yozdi gubernator Igor Artamonov Telegram-kanalida.
Dron qulashi oqibatida qurbonlar va jiddiy vayronagarchiliklar, jumladan portlashlar haqida ma’lumotlar yo‘q. Biroq Belgorod viloyatida Shebekino shahrida sanoat korxonasining bir xodimi yaralangan.
Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenko Kirishi tumanidagi KINEF neftni qayta ishlash zavodiga yaqinlashayotganda samolyot tipidagi dron urib tushirilganini ma’lum qildi.
"Ishlab chiqarish odatdagidek davom etmoqda. Qurbonlar va vayronagarchiliklar yo‘q. Hodisa joyidagi oqibatlar aniqlanib, bartaraf etildi", deb yozadi viloyat rahbari.
Ayni vaqtda Ryazan viloyatida neftni qayta ishlash zavodi hududida yong‘in sodir bo‘ldi. TASSning yozishicha, hodisaning taxminiy sababi dron qulashi bo‘lgan. Qurbonlar haqida hozircha ma’lumot yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 martga o‘tar kechasi Rossiyaning to‘qqiz viloyati rasmiylari dron hujumi haqida xabar bergan edi. Dronlar Belgorod, Bryansk, Voronej, Kursk, Leningrad, Moskva, Nijniy Novgorod, Oryol va Tula viloyatlariga hujum qildi. Nijniy Novgorod va Oryol viloyatlarida yonilg‘i quyish inshootlari hujumlar oqibatida zarar ko‘rgan.
LiveBarchasi