Rossiyaliklar YeI mamlakatlaridan ommaviy “quvilmoqda”

Olam

image

Yevropa Ittifoqi (YeI) mamlakatlaridan rossiyaliklarni ommaviy ravishda chiqarib yuborish boshlandi. 2025 yilda ittifoqqa a’zo davlatlar Rossiya Federatsiyasi fuqarolariga o‘z hududini tark etish to‘g‘risida 10 415 ta ko‘rsatma bergan. Bu haqda “Vyorstka” nashri e’tibor qaratgan Yevrostat ma’lumotlarida so‘z boradi.

Ushbu ko‘rsatkich oxirgi besh yillik to‘liq statistikadagi rekord natija bo‘lgan. Taqqoslash uchun, urushdan oldingi 2021 yilda bunday ko‘rsatmalar soni 5245 tani tashkil etgan. 2022 yilda, Rossiya Ukrainadagi urush va safarbarlik fonida 1990 yillardan beri eng yirik emigratsiya to‘lqinini boshidan kechirgan bir paytda, ko‘rsatmalar soni 5615 taga yetgan. Biroq 2023 yilga kelib, u 7325 taga, 2024 yilda esa 7535 taga yetgan.

2025 yilda eng ko‘p ko‘rsatmani Germaniya bergan — 3 030 ta (22,2 foizlik o‘sish). Ushbu mamlakat oxirgi ikki yil davomida ham bu borada yetakchi bo‘lib kelayotgan edi. Rossiyaliklarni chiqarib yuborish bo‘yicha ikkinchi o‘ringa Litva ko‘tarilgan — 1 795 ta ko‘rsatma (rekord darajadagi 190 foizlik o‘sish). Uchinchi o‘rinda Fransiya qayd etilgan, u Rossiya fuqarolarini chiqarib yuborishni 3,4 foizga kamaytirib, 1 130 ta ko‘rsatma bergan. 2025 yilda YeIning faqat ikki davlati — Slovakiya va Malta rossiyaliklarni mamlakatdan chiqarmagan. 2024 yilda ulardan tashqari Portugaliya va Ruminiya ham rossiyaliklardan o‘z hududini tark etishni talab qilmagan.

Yevrostat hujjatlarida qayd etilishicha, YeIni tark etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmalar ittifoq hududida noqonuniy bo‘lib turgan fuqarolarga beriladi. Bu toifaga YeIga noqonuniy kirganlar yoki “qonuniy kirib, keyinchalik mamlakatda noqonuniy asoslarda qolib ketganlar” kiradi.

Bundan avval YeI Rossiya fuqarolariga nisbatan viza siyosatini kuchaytirgan. Oqibatda Rossiya Turoperatorlari assotsiatsiyasi (ATOR) ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida rossiyaliklarga 2025 yilning shu davriga nisbatan kamida 90 foizga kamroq ko‘p martalik (multiviza) vizalar berilgan. Shu bilan birga, o‘tgan yili rossiyaliklarga berilgan multivizalarning umumiy soni 50–99 mingta deb baholangan, bu esa ma’qullangan barcha Shengen vizalarining 18 foizini tashkil etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Evropa Ittifoqi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing