Rossiyalik tergovchilar teraktda gumon qilinganlarning oilasini so‘roq qilish uchun Tojikistonga keldi
Olam
−
26 mart
18263Bugun, 26 mart kuni rossiyalik tergovchilar "Krokus Siti Holl"dagi hujumda gumon qilingan to‘rt kishining oila a’zolarini so‘roq qilish uchun Tojikistonga yetib keldi. Bu haqda Tojikiston xavfsizlik xizmatidagi uch manbaga tayanib, "Reuters” agentligi xabar berdi.
Ochiq izoh berishga vakolati bo‘lmagan manbalarning aytishicha, Tojikiston xavfsizlik kuchlari oilalarni Vaxdat va Hisor shaharlari hamda Rudakiy viloyatidan poytaxt Dushanbega olib kelgan.
Manbalarga ko‘ra, “Krokus”dagi terakt bo‘yicha Tojikistondagi tergov harakatlarining borishi davlat rahbari Imomali Rahmonning “shaxsiy nazorati” ostida.
Ma’lumot uchun, Tojikiston Prezidenti kecha, 25 mart kuni “Krokus”dagi hujumni “sharmandali va dahshatli voqea” deb atagan va ota-onalarni farzandlari tarbiyasiga jiddiyroq e’tibor qaratishga chaqirgandi.
Eslatib o‘tamiz, 24 mart kuni Moskvaning Basmanniy sudi "Krokus" ishi bo‘yicha qo‘lga olingan Dalerjon Mirzoyev, Saidakrami Rachabalizoda, Shamsiddin Faridun va Muhammadsobir Fayzovni (Tojikiston fuqarolari) 22 maygacha hibsga qoldirishga qaror qilgandi. Keyinchalik yana uch kishi – Aminchon, Dilovar va Isroil Islomov (ota va bola)lar qurolli hujum uyushtirishda foydalanilgan Renault avtomobilini sotishda gumonlanib hibsga olindi. Shuningdek, terakt ishtirokchilariga kvartirani ijaraga berganlikda ayblanayotgan Qirg‘izistonda tug‘ilgan Rossiya fuqarosi Alisher Qosimov ham hibsga olindi.
LiveBarchasi