Rossiyalik mulozim Markaziy Osiyodan kelgan migrantlarning urushga jo‘natilishini yoqlab chiqdi

Olam

image

Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya fuqaroligini olgan Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan migrantlarning safarbar etilishi haqidagi fikrlarga qo‘shilishini ma’lum qildi. Bu haqda u matbuot anjumani chog‘ida aytib o‘tdi.

Bastrikinning aytishicha, muhojirlar soni ortib bormoqda va shu bilan birga ular tomonidan yirik shaharlarda sodir etilgan og‘ir jinoyatlar ham ko‘paymoqda.

“Bu odamlar tomonidan aytilgan fikr: ruslar frontda ekan, migrantlar bizning orqamizga hujum qilmoqda. Odamlar agar Rossiya fuqaroligini olgan bo‘lsa urushda oldingi chiziqqa borishini taklif qilmoqda. Siz frontga bormadingiz, fuqarolik burchingizni bajarmayapsiz, iltimos, vataningizga qayting”, deydi Bastrikin.

Uning qayd etishicha, migrantlar soni ortib bormoqda va shu bilan birga ular tomonidan sodir etilgan og‘ir jinoyatlar soni ham keskin ortib bormoqda. Masalan, 2021 yilda 11 ming, 2022 yilda esa 15 ming kishi og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir etgan.

Bastrikinning qo‘shimcha qilishicha, bu eng katta shaharlarda yaqqol namoyon bo‘ladi.

Bastrikin birinchi marta bunday taklif bilan chiqayotgani yo‘q. U joriy yilning yanvar oyida Ukrainadagi urushda qatnashish uchun O‘rta Osiyo va Kavkazortidan rus fuqaroligini olgan aholini Ukrainaga yuborishni yoqlab chiqqan.

“Rossiya fuqaroligini olish orqali bu odamlar nafaqat huquqlarni, balki amaldagi qonunchilikda belgilangan majburiyatlarni ham oladilar. Ulardan biri Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlarida harbiy xizmatni talablarga muvofiq o‘tashdir”, deydi Bastrikin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada Ukrainadagi bosqinga bahorgi safarbarlik doirasida urushga yollanuvchilarga bosib o‘tgan har bir kilometri uchun 650 dollar miqdorida mukofot taklif qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Markaziy Osiyo migrantlar Aleksandr Bastrikin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing