Rossiyalik askar boshidan o‘q yeb, tirik qoldi (video)
Olam
−
15 aprel 2023 23089 1 daqiqa
Ukrainaning Baxmut shahridagi janglardan birida rossiyalik harbiy boshidan o‘q yeganiga qaramay, tirik qoldi. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.
Videodan ko‘rish mumkinki, “Vagner” yollanma qo‘shini askarining boshiga snayper o‘qi teggan. Bu vaqtda uning safdoshlari xarobalar orasida yashirinib turgan bo‘lgan. O‘q uning dubulg‘asiga tegganida bir muddat sarosimaga tushib, gangib qolgan. Biroq keyin o‘rnidan turib, yelka qisgancha harakatni davom ettirgan.
O‘q yana bir necha santimetr pastroqqa tegganida askar aniq halok bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
Ma’lumot uchun, Baxmut shahri Ukraina va Rossiya kuchlarining sakkiz yarim oydan buyon davom etayotgan eng qizg‘in va qonli janglariga guvoh bo‘lmoqda. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Rossiya Ukraina sharqidagi bu shaharga hujumlarini qayta faollashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya harbiylari Baxmutni egallagani va uning ma’muriy markazi binosida bayroq ko‘targani iddao qilingandi. Bunga javoban Ukraina vakili Rossiya harbiylari ma’muriy binoda emas, “qandaydir hojatxona” ustida bayroq ko‘targanini aytgandi.