Rossiyalik amaldor O‘zbekistonni Rossiya tarkibiga qo‘shib olishni taklif qildi (video)
Olam
−
21 dekabr 2023
36446Rossiyalik yozuvchi, “Putin jamoasi” ijtimoiy harakati a’zosi, Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Zaxar Prilepin sobiq SSSR hududlarini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shib, ularning aholisiga rus tilini o‘rgatish taklifini ilgari surdi. Bu haqda u kecha, 20 dekabr kuni “Rossiya Segodnya” xalqaro multimedia matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
Uning fikricha, bunday harakat Rossiyadagi “migrantlar muammosi”ni hal qilgan bo‘lardi.
Shuningdek, Prilepin Vladimir Putinning Rossiyadagi prezidentlik saylovlariga nomzodini qo‘llab-quvvatlagan va rossiyalik ayollar ko‘proq bola tug‘ishi kerakligini aytgan.
“Rossiyaliklar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Bu esa begonalarning o‘zini tutishiga ta’sir qiladi”.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiyaga mehnat muhojirlari qaysi mamlakatlardan borsa, o‘sha davlatlarni Rossiya tarkibiga qo‘shib olish kerak.
“Ularni rus tilini bu yerda emas, o‘z yurtida, deylik O‘zbekistonda o‘qitish kerak. Men hazillashayotganim yo‘q. Biz Sovet Ittifoqining parchalanishini rad etish mavzusini ko‘taramiz, bu bizga istalgan vaqtda “Sizning ikki million fuqarongiz bizning hududimizda ekan, biz sizning hududingizga da’vo qilamiz. Chunki ko‘pchilik allaqachon shu yerda va ular hatto bunga ovoz bergan” deyishga imkon beradi. Kiyevdagi paraddan keyin Yevrosiyo hududida biror narsa qilishni bizga kim taqiqlaydi? Hech kim”, degan Prilepin.
Matbuot anjumanida qatnashayotganlar esa uning gapini qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlagan.