Rossiyaga KXDRdan 36 mingdan ortiq ishchi olib borildi
Olam
−
13:43 3987 2 daqiqa
Rossiya hukumati 2025 yilda Shimoliy Koreya (KXDR) fuqarolariga 36 413 ta viza bergan. Bu o‘tgan yildagi ko‘rsatkichdan (9 239) deyarli to‘rt baravar ko‘p. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi konsullik departamenti ma’lumotlariga tayanib, “Vedomosti” xabar berdi.
Qayd etilishicha, vizalarning aksariyat qismi – 35 849 tasi ta’lim maqsadlari uchun berilgan. Boshqa toifalar orasida: 266 ta gumanitar, 72 ta turistik, 47 ta ishbilarmonlik, 6 ta shaxsiy va 33 ta xizmat vizalari mavjud.
Ta’lim vizalari sonining keskin o‘sishi Rossiyaga Shimoliy Koreyadan “mehnat amaliyoti o‘tayotgan talabalar” niqobi ostida ishchi kuchi olib borilayotgani bilan bog‘liq. Bu haqda “The Insider” surishtiruvida so‘z boradi. Bunday sxema Shimoliy Koreya ishchilarini yollashni taqiqlovchi BMT sanksiyalarini chetlab o‘tish imkonini beradi. Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil may oyiga kelib, Rossiyada KXDRdan 15 mingga yaqin mehnat migranti bo‘lgan. Ularning salmoqli qismi Uzoq Sharqda ishlagan. Shuningdek, Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu Pxenyan Kursk viloyatini tiklash uchun 6 mingga yaqin kishi (5 ming harbiy quruvchi va ming nafar sapyor) yuborishini aytgan edi.
Bungacha “Global Rights Compliance” inson huquqlari tashkiloti ma’ruzasida Rossiya qurilishlariga yuborilgan shimoliy koreyaliklar kuniga 16 soatdan deyarli dam olishsiz ishlashi, antisanitariya sharoitida yashashi va barcha soliqlardan so‘ng qo‘liga oyiga taxminan 10 dollar olishi aytilgan edi. Tadqiqotchilar suhbatlashgan 20 dan ortiq shimoliy koreyalik doimiy kuzatuv ostida ekanliklarini va o‘z daromadlarini tasarruf etish imkoniyatidan amalda mahrum ekanliklarini bildirgan. Ular har oy o‘z davlatiga 700 dollar berishi kerak, agar to‘lov to‘liq bo‘lmasa, qolgan summa keyingi oyga o‘tkaziladi.
Rossiyadagi ko‘plab shimoliy koreyaliklar aynan kim uchun ishlayotganini bilmaydi. Ular yetib kelishi bilan pasportlari olib qo‘yiladi va KXDR maxsus xizmatlari xodimlariga topshiriladi. Shu bilan birga, ularning jarohatlari va kasalliklari boshliqlar tomonidan e’tiborsiz qoldiriladi.
“Biz chorvadan ham yomonroq yashaymiz”, degan quruvchilardan biri.
Ma’lumot uchun, KXDR o‘z fuqarolarini davlat mehnat dasturi bo‘yicha jami 40 ta davlatga yuboradi. Bu Pxenyanga har yili 500 million AQSH dollari daromad keltiradi. Shimoliy Koreya dunyodagi eng qashshoq davlatlardan biridir. Mamlakatning real YAIM hajmi taxminan 26,7 milliard AQSH dollari, aholi jon boshiga YAIM esa 1,1 ming AQSH dollari atrofida baholanadi. Oddiy aholining daromad darajasi Janubiy Koreya aholisi daromadining atigi 3-4 foizini tashkil etadi.
Live
Barchasi