Rossiyaga qarshi sanksiyalar yumshashi ham, kuchayishi ham mumkin – AQSH
Olam
−
21 fevral 2025 4122 2 daqiqa
AQSH Moliya vaziri Skott Bessent Rossiyaga nisbatan sanksiyalar rejimi ham yumshatilishi, ham kuchaytirilishi ehtimolini istisno etmasligini bildirdi. Bu haqda u “Bloomberg” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Nashr muxbirining sanksiyalar rejimi bir yoki boshqa yo‘nalishda “moslashtirilishi” mumkinmi, degan savoliga javoban vazir bunday voqealar rivoji ehtimolini “yaxshi talqin” deb atagan. U qo‘shimcha qilib, AQSH Prezidenti Donald Tramp “mojaroni iloji boricha tezroq yakunlashga to‘liq sodiq” ekanini ta’kidlagan.
“Ketma-ketlik quyidagicha: ukrainaliklarni iqtisodiy aloqalar orqali AQSHga yaqinlashtirish, Amerika xalqini, AQSH jamoatchiligini bunga ishontirish va ularni o‘z tarafimizga og‘dirish. Keyin esa ruslarga muzokara stoliga o‘tirish kerakligini aytish – shunday bir ishora bilanki, agar kerak bo‘lsa, biz sanksiyalarni kuchaytiramiz”, deydi Bessent.
Uning fikricha, AQSHning Ukrainadagi jiddiy iqtisodiy manfaatlari mamlakat uchun “xavfsizlik qalqoni” vazifasini bajaradi.
Intervyu davomida vazir Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning AQSH Prezidenti Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha noto‘g‘ri ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin degan bayonotlarini “mutlaqo noo‘rin” deb atagan va Donald Trampning Ukrainada saylovlar o‘tkazish zarurligi haqidagi fikrini takrorlagan.
“Ehtimol, Ukraina demokratik jarayon bo‘yicha oldinga siljishi kerakdir”, deydi u.
Qayd etish joiz, oldinroq Donald Tramp Truth Social’dagi sahifasida Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiyni “saylovlarsiz diktator” deb atagan edi. Bu orqali u Zelenskiyni mamlakatda prezidentlik saylovlari o‘tkazishga undamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jo Bayden boshchiligidagi AQSH ma’muriyati Rossiyaning energetika sektorini nishonga olgan yangi va jiddiy sanksiyalar paketini joriy etgan edi. Bu sanksiyalar Rossiya nefti va suyultirilgan tabiiy gaziga (SPG) qaratilgan bo‘lib, AQSH Prezidenti Jo Bayden va G7 yetakchilari tomonidan qabul qilingan majburiyatlarning bir qismi sifatida Kremlga Ukrainadagi inqirozni davom ettirgani uchun qo‘shimcha iqtisodiy xarajatlar yuklashiga qaratilgan.
Live
Barchasi