Rossiyaga qarshi sanksiyalar O‘zbekistonga ham ta’sir qilyapti – Komilov
Jamiyat
−
17 mart 2022 16233 2 daqiqa
Rossiyaga qarshi g‘arb tomonidan joriy etilgan cheklovchi choralar, sanksiyalar O‘zbekistonga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qilyapti. Bu haqda bugun, 17 mart kuni Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ma’lum qildi.
“Hozirda mamlakatimizni bunday sanksiyalardan himoya qilishga qaratilgan va ularning salbiy ta’sirining oldini oladigan chora-tadbirlarni amalga oshirish biz uchun muhim ahamiyat kasb etadi”, deydi Komilov.
Vazir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qanday qilib bu og‘ir oqibatlarning oldini olish mumkinligi borasida ko‘p majlislar o‘tkazayotganini urg‘ulagan. Shuningdek, Ukrainadagi harbiy harakatlar boshlanishidan oldin ushbu mamlakatdagi elchixona xodimlarining oila a’zolarini ortga qaytarishga urinish bo‘lgani ta’kidlandi.
“Avvalo biz shu voqealar boshlanishidan oldin og‘ir vaziyat bo‘lishi mumkinligini sezgan edik. Elchixona xodimlarining oila a’zolarini yosh bolalarni qaytarishga harakat qildik. Lekin, ochig‘ini aytsak, bu kutilmagan vaziyat bo‘ldi. Shuning uchun hozirgi og‘ir sharoitda biz harakat qilib, Ukrainadagi, Polshadagi elchixonamiz, Turkiyadagi diplomatlar, TIV xodimlarining bir nechta guruhlarini Toshkentdan Polshaga, Ukrainaga yubordik. Hammamiz birgalashib, evakuatsiya, ya’ni fuqarolarimizni Vatanga qaytarishga harakat qildik. Bizga Polsha juda katta yordam berdi. Polshaning Prezidenti janob Duda (Anjey Duda – tahr.) mana shu harakatlarimizni nazoratga olib, yordam berdi”, deydi Komilov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘z paytida rasmiy Toshkent Polsha fuqarolarini Afg‘onistondan O‘zbekiston orqali ortga qaytishiga juda katta yordam bergan.
Eslatib o‘tamiz, Senatdagi nutqi davomida Komilov O‘zbekiston Ukraina sharqida ayirmachilar tuzgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini tan olmasligini bildirgandi.
Live
BarchasiPutin Imomali Rahmonga ta’ziya bildirdi.
22 dekabr