Rossiyaga ishlashga ketayotgan o‘zbekistonliklar soni kamaydi

Jamiyat

image

Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaga ishlash maqsadida eng ko‘p kirgan migrantlar bo‘ldi. Shu davrda O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari Rossiyaga jami qariyb 1,9 million marta mehnat faoliyati uchun kirgan. Bu haqda “Vedomosti” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida ishlash maqsadida Rossiyaga eng ko‘p kirgan xorijliklar orasida O‘zbekiston fuqarolari yetakchilik qilgan. Bunda o‘zbekistonliklar tomonidan 1,1 milliondan ortiq mehnat kirishi qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 foizga kam.

Mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha ikkinchi o‘rinni Tojikiston fuqarolari egallagan. Ular tomonidan 494,5 mingta ish maqsadidagi kirish amalga oshirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga qaraganda 17,9 foizga pasaygan. Qirg‘iziston fuqarolari esa 289,1 ming marta Rossiyaga ishlash uchun kirib, uchinchi pog‘onadan joy olgan.

Mutaxassislar mehnat migrantlari oqimining kamayishini Rossiyada migratsiya tartiblari kuchaytirilgani, ishlash uchun ruxsatnoma va patent xarajatlari oshgani, shuningdek, tibbiy ko‘rik, yashash joyi va safar bilan bog‘liq xarajatlar ko‘paygani bilan izohlamoqda.

“Markaziy Osiyo davlatlarida yangi ish o‘rinlari yaratilayotgani ham migratsiya yo‘nalishlariga ta’sir qilmoqda. Mehnat migrantlari tobora ko‘proq Rossiyadan tashqari Janubiy Koreya, Xitoy, Yaqin Sharq mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi davlatlari kabi muqobil yo‘nalishlarni ham tanlamoqda”, deydi Rossiya Moliya universiteti professori Aleksandr Safonov.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning birinchi yarim yilligida qonunchilikni buzgani uchun Rossiyadan 43 ming 700 nafar migrant chiqarib yuborilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing